1-yanvardan Toshkent shahridagi jamoat avtobuslarida yo‘lkirani naqd pul shaklida to‘lash amaliyoti bekor qilindi. Uning o‘rniga yo‘lovchilar avvaldan foydalanib kelayotgan transport yoki bank kartalaridan (1700 so‘m) yo‘l haqini to‘layveradi. Bir martalik chiptani esa (3000 so‘m) bekatlar va unga yaqin bo‘lgan Paynet, Oson, Multipay kabi infokiosklardan oladi.

15-yanvar kuni “Toshshahartransxizmat” AJ avtobuslarda naqd pul to‘lovi bekor qilingach tizimda bo‘lgan o‘zgarish va kuzatilayotgan muammolar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikramov va “Toshshahartransxizmat” AJ rahbari o‘rinbosari Rustam Shamuradov yangi tizimdan bexabar yo‘lovchilarni avtobusda chiptasiz tashish qachongacha davom etishi hamda avtobuslardagi chiptachilar taqdiri haqidagi savollarga javob berdi. Tadbir “Gazeta.uz”ning YouTube kanalida jonli efirga uzatildi.

Yanvar oyi boshidan beri poytaxtdagi avtobuslarda to‘liq elektron tizimga o‘tilgani haqidagi yangilikdan bexabar yo‘lovchilar avtobusdan foydalangani uchun haydovchiga naqd pulda yo‘lkirani to‘lashni taklif qilmoqda. Haydovchilar ulardan pul ko‘rinishidagi yo‘l haqini qabul qilmayapti, ularga chipta sotib olish haqida ogohlantirish berib, avtobusda chiptasiz tashimoqda.

Chiptasiz yo‘lovchilar haydovchiga naqd pul bersa, birinchi martasida yo‘lovchilar va haydovchilar ogohlantiriladi, keyin esa ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144 (Chiptasiz sayohat) va 145 (Yo‘lovchilarni chiptasiz tashish) moddalari bo‘yicha jarimaga tortiladi. Chiptasiz sayohat qilganlik uchun jarima BHMning 1/10 qismini yoki 37,5 ming so‘mni tashkil etadi.

Hozircha poytaxtda chiptasiz yo‘lovchilar jarimaga tortilmayapti. Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikramov buning sababini tizimdagi hali to‘la yechimini topmagan masalalar bilan bog‘ladi. Uning aytishicha, chiptasiz yo‘lovchilarni jarimaga tortish amaliyoti yanvar oyida qo‘llanmaydi. Mas’ullar chiptasiz harakatlanganlarga jarima qo‘llash qachondan kuchga kirishi haqida ma’lumot bermadi.

“Biz yanvar oyida bu amaliyotni qo‘llamaymiz. Sababi tizim yangi bo‘lgani uchun hali qilinadigan ishlar bor. Oldin sharoit yaratib, har bir shikoyatni alohida o‘rganib, unga yechim topganimizdan keyin bu tajribani qo‘llashimiz to‘g‘ri bo‘ladi”, — dedi u.

Hozir chiptasiz avtobusga chiqqan yo‘lovchilarga hech kim jarima qo‘llamayapti. Arzimagan 1700 so‘mni to‘lamasdan chiptasiz yurish kulgili bo‘lishi kerak, deya qo‘shimcha qildi “Toshshahartransxizmat” AJ rahbari o‘rinbosari Rustam Shamuradov.

Shuningdek, endi ishiga extiyoj qolmagan avtobusdagi chiptachilar masalasi haqidagi savolga Rustam Shamuradov javob berdi. Uning aytishicha, tizimdagi 770 dan ortiq konduktorlik lavozimi qisqartirilmoqda.

“Poytaxtda 770 nafardan ortiq chiptachilar bor edi. Hozir ular avtobus saroyining ichida mavjud vakant lavozimlarga to‘g‘ri kelsa, qonunchilikda belgilangan taklif beryapmiz. Agar to‘g‘ri kelmasa, ularga 2 oylik maoshi miqdorida kompensatsiya to‘lanib, „sokrasheniye“ (qisqartirish)ga tushyapti”, — deya tushuntirdi mas’ul.