O‘zbekistonning yirik davlat korxonalari 2025-yilda yevrobondlarni joylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 16-yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiyalar bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Prezident ilg‘or korxonalar mustaqil ravishda tashqi bozorlarga chiqib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri mablag‘ olib kelishni boshlaganini qayd etdi.

Savdo-sanoat palatasida Tadbirkorlarga tashqi moliya bozorlariga chiqishga ko‘maklashish markazi tashkil qilindi.

Yil yakunigacha kamida 200 ta tadbirkorni xalqaro moliya bozoridan 2 milliard dollar jalb qilishga tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, bu yil OKMK 1 milliard, NKMK 500 million, “Navoiyuran” va “O‘zmetkombinat” har biri 300 million dollarlik yevrobond joylashtirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ham xalqaro reyting olib, tashqi bozordan jami 700 million dollar olib kelishi muhimligi ta’kidlandi.

2025-yil uchun 2 milliard dollar grant olish bo‘yicha har bir vazirlik, tarmoq va hududlarning rejalarini shakllantirish topshirildi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2024-yili ilk bor yevrobondlarni xalqaro bozorga joylashtirdi va 6,7 foiz va 6,95 foiz stavkada 1 milliard dollar jalb qildi. NKMK bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Antonov avvalroq “Gazeta.uz”ga kombinat qazib olish rentabelligini qanday qo‘llab-quvvatlayotgani, resurs bazasi va oltin narxlari istiqbollarini qanday baholayotgani haqida gapirib bergan edi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mis rudasini boyitish bo‘yicha uchinchi fabrika (Mis boyitish fabrikasi, 3-MBF) va O‘zbekiston metallurgiya kombinatida yangi quyuv-prokat majmuasini (dastlab 2020-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan edi, keyin 2024-yil oxirida, keyin 2026-yilga ko‘chirildi) ishga tushirish rejalashtirilgan.

May oyida O‘zbekiston hukumati o‘sib borayotgan budjet taqchilligini qoplash va Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun 1,5 milliard dollarlik navbatdagi yevrobondlarni chiqardi.