Qashqadaryo viloyati Qarshi tuman IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi faoliyati to‘xtatildi, deya xabar bermoqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, ombudsman hamda uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari 2024-yilda viloyatdagi vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalari, jazoni ijro etish muassasalari hamda maxsus qabulxonalarni monitoringdan o‘tkazib bir qator kamchiliklar aniqlangan.
Xususan, Qarshi shahar IIO faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarmasi, Qarshi va Koson tumanlari IIBning vaqtincha saqlash hibsxonalarida shaxslarni saqlash sharoitlari belgilangan me’yoriy talablarga javob bermasligi kuzatilgan.
Ularda kameralarning ta’mirtalab holatga kelib qolgani, shu bilan birga, tabiiy va sun’iy yorug‘lik tizimi, sanitariya-gigiyena holati, havo almashtirish tizimi talab darajasida emasligi kabi qator kamchiliklar qayd etilgan.
Qarshi tuman IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi faoliyati to‘xtatilib, saqlanayotgan shaxslar kapital ta’mirlangan Kasbi tuman ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash hibsxonasiga ko‘chirilgan.
Kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ombudsman Ichki ishlar vazirligiga taqdimnoma kiritgan. U asosida vazirlik VSHlardagi kameralarni ko‘zga ziyon yetkazmaydigan holda o‘qish yoki yozish uchun yetarli tabiiy va sun’iy yorug‘lik bilan ta’minlash, isitish, kameralar va yuvinish xonalarini kerakli jihozlar bilan ta’minlash va sanitariya talablariga muvofiqlashtirish choralarini ko‘rmoqda, deyiladi xabarda.
Hujjatda bildirilganlarni o‘z vaqtida bartaraf etmagan xodimlarga esa xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, 1 nafar xodim lavozimidan ozod etilgan va 9 nafar xodimning xatti-harakatlari Intizomiy kengashlar tomonidan ko‘rib chiqilgan.