Toshkent shahri Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikramov 15-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida 2025 yilda xarid qilish rejalashtirilayotgan 1000 ta yangi avtobusni Toshkent qanday boshqarishini aytib berdi.
Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda poytaxtda 164 ta avtobus yo‘nalishi mavjud. Avtobuslarda yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilishning bekor qilinishi yerusti jamoat transportidan avval qayd etilganidan 35 foizga ko‘p yo‘lovchi foydalanayotganini ko‘rsatmoqda.
“Bu jamoat transportining jozibadorligidan darak beradi. Hozirgi dinamikada biz yana 1000 ta avtobus xarid qilish zarurligini ko‘ryapmiz. Toshkentga esa 3000 ta avtobus yetarli bo‘ladi. Hozir biror joyda zavod yoki turar joy majmuasi qurilsa, yo‘lovchilarning xatti-harakati o‘zgaradi”, — dedi Mirakbar Ikramov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, transport boshqarmasi boshqa boshqarmalar bilan birgalikda aprel-may oylarida 200 ta elektrobus yetkazib berish masalasi ustida ishlamoqda.
“Bizda ushbu mashinalarni yetkazib berish rejalashtirilayotgan yangi yo‘nalishlar ro‘yxati allaqachon mavjud. Shaharda 32 ta yangi yo‘nalishga ehtiyoj bor. Qo‘shimcha harakat tarkibiga muhtoj bo‘lgan marshrutlar mavjud. Bugungi kunda Toshkentga har kuni viloyatlardan 1,5 milliondan ortiq kishi keladi. Bu aholining nafaqat shahar ichida, balki poytaxt aglomeratsiyasi doirasidagi harakatchanligini hisobga olishimiz kerakligini ko‘rsatadi. Ushbu 1000 ta avtobus, jumladan, aglomeratsiya aholisi uchun ham qulaylik yaratadi. Bu bizning maqsadimiz”.
Shahar yo‘lovchi tashuvining asosiy operatori “Toshshahartransxizmat"ning avtobus parki bugungi kunda 1800 ta avtobusni tashkil etadi. Ulardan 1560 tasi reyslarga jo‘naydi. Qolganlari esa zahirada, deya tushuntirdi Mirakbar Ikramov. Bundan tashqari, har bir mashina ma’lum bir marshrutga tayinlangan. Zaxira avtobuslari yo‘nalishdagi avtobuslar avariyaga uchragan yoki texnik ko‘rikdan o‘tish talab qilingan hollarda qo‘llanadi. Bunday hollarda zaxira transporti jadvallar va intervallarga uzluksiz rioya qilinishini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, TSHTX gavjum soatlarda, ayniqsa, yirik avtobus bekatlarida, masalan, “Buyuk Ipak yo‘li” metro bekati yaqinida intervallarni qisqartiradi.
“12 metrli avtobus sig‘imi 90 kishi. Bir metro poyezdida 1000 kishi sayohat qiladi. Ulardan 300−400 tasi [keyin avtobuslarga o‘tadi]. Biz buni inobatga olib, avtobuslarda gavjum bo‘lmasligi uchun intervallarni qisqartiryapmiz”, — deb tushuntirdi Mirakbar Ikramov.
Shuningdek, u yangi harakatlanuvchi tarkibni yetkazib berishga shahar qanday tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini ham aytdi.
“Shunchaki mashinalarni olib kelishning o‘zi etarli emasligini tushunish kerak. Infratuzilma yaratish kerak. Garajlarni qayerda qurish, elektrobuslarni qanday quvvatlantirish, elektrni qanday o‘tkazish, gaz avtobuslari qayerda yoqilg‘i quyish haqida o‘ylashimiz kerak. Bu masalalarning barchasini parallel ravishda hal qilishimiz kerak”, — deydi Mirakbar Ikramov.
Transport boshqarmasi boshlig‘ining qo‘shimcha qilishicha, 1000 ta avtobus yetkazib berish uchun shaharga kamida yana uchta avtobus parki kerak. Mavjud sakkizta parkka maksimal 2000 ta avtobus sig‘ishi mumkin.
“2023-yilda 1000 ta avtobus olib kelganimizda nafaqat eskilarini almashtirdik, balki parklar sig‘imini ham oshirdik, — deydi boshqarma boshlig‘i. — Bungacha shaharga kichik sig‘imli Isuzu avtobuslari xizmat ko‘rsatar edi va parkning sig‘imi 2300−2400 ta avtobusni tashkil qilardi. Hozir avtobuslar sig‘imi oshishi tufayli parklarning sig‘imi pasayib ketdi”.