AQSh prezidenti Jo Bayden 15-yanvar kuni millatga xayrlashuv murojaati bilan chiqdi. U amerikaliklarni demokratik qadriyatlarni saqlab qolishga chaqirdi va AQShda demokratiyaga tahdid solayotgan oligarxiya shakllanayotganidan xavotir bildirdi.
“Bizning hokimiyatlar bo‘linishi, nazorat va muvozanat tizimi mukammal bo‘lmasligi mumkin, ammo u demokratiyamizni qariyb 250 yil davomida qo‘llab-quvvatladi. Tarixdagi bunday tajribani o‘tkazishga harakat qilgan boshqa har qanday mamlakatdan ham ko‘proq. So‘nggi to‘rt yilda demokratiyamiz mustahkamlandi. Har kuni men mamlakatimiz tarixidagi eng murakkab davrda barcha amerikaliklarning prezidenti bo‘ldim. Mening ajoyib sherigim bor edi — vitse-prezident Kamala Harris”, — dedi Bayden Oq uyning Oval kabinetidan chiqib.
U o‘z ma’muriyati siyosiy qarorlarining “ta’sirini his qilish” uchun “vaqt kerakligini” tan oldi. “Ammo urug‘lar ekildi va ular unib chiqadi, o‘nlab yillar davomida gullab-yashnaydi”, — dedi AQSh prezidenti.
“Biz qariyb 17 million yangi ish o‘rni yaratdik. Tibbiy xizmatdan har qachongidan ham ko‘proq odamlar foydalanmoqda. Biz NATOni mustahkamladik. Ukraina hali ham ozod. Xitoy bilan raqobatda oldinga chiqib oldik. Va boshqa ko‘p narsalar”, — dedi Bayden o‘z prezidentligi yakunlarini sarhisob qilar ekan.
U, shuningdek, o‘zini juda tashvishga solayotgan narsalar haqida amerikaliklarni ogohlantirdi. “O‘ta boy bo‘lgan juda kam sonli odamlar qo‘lida hokimiyatning xavfli darajada to‘planishi va agar ularning hokimiyatni suiiste’mol qilishi jazosiz qoldirilsa, oqibatlar xavfli bo‘lishi mumkin. Bugun Amerikada favqulodda boylik, hokimiyat va ta’sir oligarxiyasi shakllanmoqda, u tom ma’noda bizning demokratiyamizga, asosiy huquq va erkinliklarimizga tahdid solmoqda… Biz butun Amerika bo‘ylab oqibatlarni ko‘rmoqdamiz”, — dedi Bayden.
“Asrdan ko‘proq vaqt muqaddam Amerika xalqi qaroqchi baronlarga qarshi chiqdi… Ular boylarni jazolamadi. Ular boylarni boshqalarga nisbatan qo‘llaniladigan qoidalar bo‘yicha o‘ynashga majbur qildi. Biz buni yana qilishimiz kerak”, — deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.
“Prezident Eyzenhauer o‘zining xayrlashuv nutqida harbiy-sanoat majmuasining xavf-xatarlari haqida gapirgan. Oltmish yildan keyin men texnologik sanoat majmuasining potensial o‘sishidan bir xil darajada xavotirdaman”, — dedi Bayden.
Uning so‘zlariga ko‘ra, amerikaliklar bugun “hokimiyatni suiiste’mol qilishga turtki bo‘ladigan dezinformatsiya ko‘chkisi ostida qolgan”.
“Erkin matbuot vayron bo‘lmoqda. Muharrirlar g‘oyib bo‘lyapti. Ijtimoiy tarmoqlar faktlarni tekshirishdan bosh tortmoqda. Hokimiyat va boylik uchun tarqatiladigan yolg‘onlar haqiqatni bo‘g‘ib qo‘yadi. Ijtimoiy platformalarni javobgarlikka tortishimiz kerak… Sun’iy intellekt — zamonamizning eng muhim texnologiyasi…, ammo ehtiyot choralari ko‘rilmasa, sun’iy intellekt bizning huquqlarimiz va turmush tarzimizga yangi tahdidlarni keltirib chiqarishi mumkin”, — deya ta’kidladi Bayden.
Shuningdek, u siyosatdan “soyadagi pul”ni, ya’ni saylov kampaniyalarini yashirincha moliyalashtirishni olib tashlashga, Oliy sudda axloqiy islohotlarni o‘tkazishga, kongress a’zolariga aksiyalarni sotishni taqiqlashga va “hech bir prezident” lavozimda sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikdan sug‘urtalanmasligi uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishga chaqirdi.
“Prezidentning hokimiyati cheksiz emas, u mutlaq emas. Va bunday bo‘lmasligi kerak”, — dedi Bayden.
“Demokratiyada yana bir xavf bor — hokimiyat va boylikning konsentratsiyasi. U maqsadning birligi va umumiyligi tuyg‘usiga putur yetkazadi. U ishonchsizlik va bo‘linishni keltirib chiqaradi. Bunday vaziyatda demokratiyamizda ishtirok etish umidsizlantiradigan bo‘lib qoladi, ammo biz bu jarayonlarda qatnashishni davom ettirishimiz zarur”, — dedi Bayden.