15-yanvar kuni bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Turkyaining IC İçtaş İnşaat kompaniyasi boshqaruv kengashi a’zosi Rexa Denemech o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Muloqot davomida davlat-xususiy sheriklik dasturlari asosida transport infratuzilmasini takomillashtirish, avtomobil yo‘llarini qurish va modernizatsiya qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Turk kompaniyasining sohadagi tajribasi, jumladan, avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va aeroportlar qurish yo‘nalishida shakllantirilgan loyihalari yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.
Suhbatda Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan o‘tuvchi yangi Samarqand-Buxoro tezyurar pulli avtomobil yo‘lini qurish maqsadida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan anglashuv memorandumi imzolandi.
Muhokamalar davomida tomonlar davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishdagi asosiy yo‘nalishlar, amalga oshirilayotgan DXSH loyihalari, DXSH mexanizmlaridan samarali foydalanish, sohada jahonning ilg‘or va muvaffaqiyatli tajribalaridan keng foydalanish yuzasidan fikr almashdi.
Ma’lumot uchun, IC İçtaş İnşaat kompaniyasi 1969-yilda tashkil etilgan. U Turkiya va boshqa davlatlarda DXSH asosida avtomobil yo‘llar, tunnellar, ko‘priklar hamda turli yirik inshootlarni qurishda ishtirok etgan. Xususan, kompaniya tomonidan DXSH asosida Istanbul shahrida umumiy uzunligi 150 km avtomobil yo‘li, dengiz ustida 1,5 km uzunlikdagi “Yavuz Sulton Salim” nomli bosfor ko‘prigi qurilgan. Amalga oshirilayotgan yirik loyiha qatoriga Vetnamda qurilayotgan yangi aeroport ham kiradi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2024-yil avgustidagi qarori bilan Samarqand va Buxoro o‘rtasida pulli avtomobil yo‘li qurilishi belgilangan. Loyiha qiymati $1 mlrdga baholangan bo‘lib, u 2027−2030-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Sentabr oyida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov pulli yo‘llar qurish masalasiga izoh berar ekan, foydalanuvchilarga bepul muqobil ham bo‘lishini ta’kidlagandi.