2024-yilning 14-yanvar kuni Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudida maktab o‘quvchisiga shahvoniy shilqimlik qilishda gumonlangan erkakning sudi bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” sud hukmini o‘rgandi.

Sud majlisida huquqbuzar tariqasida so‘roq qilingan 1981-yilda tug‘ilgan T.B. o‘z ko‘rsatuvida 78-sonli avtobusda 2024-yil 25-dekabr kuni V.S.ning voyaga yetmagan farzandiga har xil savollar bergani, yuzidan silagani, boshidan o‘pmoqchi bo‘lganini aytdi. U hozirda qilmishidan pushaymon ekani, bu holat boshqa takrorlanmasligini bayon qilib, suddan yengillik berishni so‘radi.

Sud majlisida jabrlanuvchi tariqasida so‘roq qilingan V.S. o‘z ko‘rsatuvida qizi maktabdan qaytayotgan vaqtida avtobus konduktori T.B. farzandiga har xil savollar bergani, yuzidan silagani, boshidan o‘pmoqchi bo‘lib, shahvoniy shilqimlik sodir etganini bayon qilgan. U suddan T.B.ga nisbatan qonuniy jazo tayinlashni so‘radi.

Sud huquqbuzar T.B.ning harakatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismi (Shahvoniy shilqimlik) bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb hisobladi.

Sud T.B.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topdi va unga nisbatan 5 (besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Jazo o‘talganidan so‘ng T.B.dan Toshkent shahri IIBB Ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun ma’muriy qamoqning xar bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida 56 250 so‘mdan jami 281 250 so‘m undirish belgilandi.