Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida ijtimoiy yordam oluvchi fuqarolar uchun ijtimoiy karta berish boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Prezident qaroriga muvofiq, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida tajriba tariqasida 2024-yil 1-dekabrdan ijtimoiy yordam oluvchi fuqarolar uchun ijtimoiy karta joriy etish belgilangandi.
Ijtimoiy karta bir vaqtning o‘zida ham to‘lov vositasi, ham ehtiyojmand toifaga mansublik tasdig‘i hisoblanadi. Natijada 72 turdagi ijtimoiy xizmatlar, 76 turdagi yordam va 200 ga yaqin imtiyoz yagona elektron tizimga umumlashtiriladi.
Ayni vaqtda Yangiyo‘l tumanida fuqarolar ijtimoiy kartadan foydalanmoqda. Respublikaning qolgan barcha hududlarida ham shu yilning 1-iyulidan boshlab, mazkur loyiha tatbiq qilinadi.
Ijtimoiy kartani berish va undan foydalanish uchun arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi, “Inson” ijtimoiy xizmat markazlari orqali topshirishi mumkin.