Toshkent shahrida fuqaroni katta summa evaziga Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.
Departamentning Chilonzor tumani bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.M. fuqaro B.G.ning ishonchiga kirib, unga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga borishi uchun viza olib berishini aytadi. U buning evaziga 40 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 28, 211-moddasi (Pora berishda vositachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.