AQSh Qirg‘izistonning “Keremet Bank”iga qarshi Rossiyaga nisbatan savdo cheklovlarini chetlab o‘tishga yordam bergani uchun sanksiyalar kiritdi. Bu haqda AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) bayonotida so‘z boradi. Bu Amerika sanksiyalari ostida qolgan Markaziy Osiyodagi birinchi bankdir.
Vazirlikning ta’kidlashicha, 2024-yilning yozidan beri bank o‘z harakatlarini Rossiya rasmiylari va AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan “Promsvyazbank” bilan muvofiqlashtirgan. Sanksiyalarni chetlab o‘tish sxemasini amalga oshirish uchun “Keremet Bank” PSB nomidan transchegaraviy pul o‘tkazmalarini amalga oshirgan. AQSh Moliya vazirligi 2022-yilda Rossiya mudofaa sanoatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlagani uchun PSBga qarshi sanksiyalar kiritgandi.
OFAC ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda Qirg‘iziston Moliya vazirligi “Keremet Bank”ning nazorat paketini “Rossiya hukumati bilan aloqadagi rossiyalik oligarx bilan yaqin aloqada bo‘lgan” firmaga sotgan.
““Keremet Bank”ni sotib olish Rossiya uchun import to‘lovlarini to‘lash va eksport to‘lovlarini olish uchun sanksiyalardan qochish habini yaratishga qaratilgan edi”, — deyiladi xabarda.
“Keremet Bank” OFAC ayblovlarini rad etib, “milliy qonunchilik va xalqaro huquqqa qat’iy rioya qilgan holda” ishlayotganini bildirdi. Bank, shuningdek, OFAC`ga qaror ustidan shikoyat qilish uchun murojaat qilishini ma’lum qildi.
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri AQSh Markaziy Osiyo kompaniyalariga cheklovlarni chetlab o‘tgani uchun bir necha bor sanksiyalar kiritgan. Shunday qilib, 2024-yil oktabr oyida OFAC Rossiyaning texnologik va sanoat sektoridagi faoliyati uchun O‘zbekistonning ikkita kompaniyasini sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shgan.