O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2024-yilda 6,5 foizga oshib, 115 milliard dollarga yetdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev investitsiyalarni keng jalb etish va eksportni oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2024-yilda yalpi ichki mahsulot 6,5 foizga oshib, 115 milliard dollarga yetdi, xorijiy investitsiya 1,6 barobar o‘sib, 34,9 milliard dollarni tashkil qildi, qiymati 10 milliard dollarlik 242 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushdi, eksport ilk bor 27 milliard dollarga chiqdi.

O‘tgan yili 50 ta tumanga 100 million dollardan ko‘p sarmoya kirib keldi (2023-yilda bunday tumanlar 11 ta edi).

Davlatobod, Yangi Namangan, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Shayxontohur tumanlari, Namangan va Samarqand shaharlarida investitsiyalar 300 million dollardan oshgan.

Tog‘-kon, neftgaz, kimyo, qishloq xo‘jaligida reja 2 karra ortig‘i bilan bajarilgan.