Abduqodir Husanov Angliyaning “Manchester Siti” klubiga o‘tmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, inglizlar o‘zbekistonlik futbolchi uchun uning transfer huquqlariga egalik qiladigan Fransiyaning “Lans” jamoasiga 40 mln yevro miqdorida pul to‘laydi.
“Gazeta.uz” tahririyati 2024-yil yozida O‘zbekiston terma jamoasining Parij Olimpiadasiga yo‘l olishi tarixi haqidagi hujjatli filmni tayyorlarkan, terma jamoa a’zosi Abduqodir Husanovdan ham intervyu olgan edi. Husanovning “Manchester Siti"ga o‘tishi bilan bog‘liq o‘zbek futbol jamoatchiligini xursand qiluvchi xabarlar fonida “Gazeta.uz” o‘sha intervyudan bir parchani tomoshabinlar e’tiboriga havola etadi.
“Birinchi ustozim — dadam”
Dadam futbolchi bo‘lganlar. Shuning uchun amakimning o‘g‘illari, akam, umuman, bizda hamma futbol to‘garagiga borgan, menda ham qiziqish bo‘lgan. 5 yoshimdan “Toshkuch” klubiga qatnay boshlaganman. Keyin amakim meni “Bunyodkor"ga olib borganlar. Dadam: “O‘zim aralashmayman, meni tanib-bilib qolishsa, gap-so‘z bo‘lishi mumkin”, deb olib bormasdilar.
“Bunyodkor"da 2002-yilda tug‘ilganlar bilan asta-sekin shug‘ullana boshlaganman. Aynan “Bunyodkor"ga o‘tganimdan keyin “katta bo‘lsam futbolchi bo‘laman”, degan maqsad paydo bo‘lgan. Bu qarorimga hech kim qarshi chiqmagan, aksincha, hamma, har doim qo‘llab-quvvatlagan. O‘yinlarimni ko‘rishga hatto dodam, buvim ham borardilar.
Foto: “Bunyodkor” FK
Boshida hamma pozitsiyalarda, hujumda ham o‘ynab ko‘rganman. Keyin, dadamlarning o‘yinlarini ko‘rib, himoyada o‘ynashga qiziqib qolganman. Dadamning o‘yinlariga ko‘p borardik, ularning futbol o‘ynashlari juda yoqardi. O‘zlari futbol ko‘rayotganlarida ham yonlarida o‘tirib o‘rganardim: mana bu yerda bunday qilish kerak, bunisida esa bundoq, mana bu joyda oraliq masofa falonchaga farq qiladi, shuning uchun yaxshilab o‘ylab harakat qilish kerak, deb, turib ham ko‘rsatib berardilar.
Dadam — mening birinchi ustozim. Dadamning maqtovlari — mening uchun eng katta motivatsiya. Lekin ko‘p maqtayvermaydilar. Endi, ko‘p o‘ylab yubormasin, desalar kerak-da, bilmadim. Dadam meni yaxshi bo‘lsin deb ko‘proq xatolarimni to‘g‘rilashga harakat qiladilar. O‘zi menga ham faqat shu kerak — dadam xatolarimni aytib tursalar bo‘lgani.
Men eng kichkina boladan ham nimadir o‘rganish mumkin, deb hisoblayman. Futbol ko‘rayotganingda futbolchilardan biri qandaydir yangicha harakat qilib qolsa, “O, buni o‘rganish kerak!”, deysan; no‘noqroq harakatlansa, “Ha, bu vaziyatda mana bunday harakat qilish kerak ekan”, deb joyida xulosa chiqarasan.
Belarus hikoyasi
“Bunyodkor” akademiyasida yurganimda o‘rinbosarlar jamoasiga mashg‘ulotlarga chaqirishgan, o‘yinga ham tushirishgan. O‘shanda “Bunyodkor"ning ko‘p markaziy himoyachilari jarohat olgandi. Agar yana biroz o‘ynasam, asosiy tarkibga ham chiqishim mumkin edi. 16 yosh vaqtim “Bunyodkor"ning asosiy tarkibida o‘ynash orzum edi. Keyin birdan “bu bola bizga tortmaydi”, deb “Bunyodkor"ning 18 yoshlilar jamoasiga o‘tkazib yuborishdi.
Shundan keyin, agentlar orqali, Belarusga ketdim. Har qanday qiyinchilikda ham futbolni tashlash fikri bo‘lmagan. Hech qachon. Men futbolchilikning haqiqiy qiyinchiliklarini aynan Belarusda — uning qishi, qori, sovug‘ida, uydan uzoqda ko‘rdim. U yerda qor juda qalin yog‘ardi. Men bilan Belarusga kelgan o‘rtog‘im Amirbek Bakayev ikkimiz tonggi chigaldiyozdi mashqlar o‘rniga maydonni qordan tozalardik.
So‘ng ichkariga kirib, kiyim almashtirib, trenajyorda shug‘ullanardik. Uyga ham bormasdik — o‘sha yerdagi kiyim almashtirish xonasida qolib, bir soat uxlab olib, kechki mashg‘ulotlarga ham o‘sha yerdan chiqardik. Ovqatni ham o‘sha yerning o‘zida, u-bu narsadan ozgina-ozgina cho‘qivolib, yurardik. Kamiga, o‘rtoqlik uchrashuvlari boshlanib, men ham maydonga tushishim mumkin bo‘lgan pallada jiddiy jarohat olib, 2−3 oy gipsda yurishga majbur bo‘lganman.
Foto: Bel.football
O‘shanda 17 ga to‘lgandim. Allaqachon “Energetik-BGU” tarkibida maydonga tushishim kerak edi. Ammo, 18 yoshga to‘lmaganim uchun, FIFA ruxsat bermagan. Shundan keyin uyimdagilar hamma xat-hujjat, qog‘ozlarni tayyorlab kelgan, yana FIFAga yozganmiz. Lekin baribir “hali yoshi kichik, boz ustiga hozir pandemiya”, deb ruxsat bermagan. Shu tariqa Belarusda bir yil o‘yin amaliyotisiz qolganman.
Maqsad
Shaxsan o‘zimning kelajakdagi maqsadim — Angliya, Ispaniyaning top-3 jamoalarida o‘ynash.
PS. Oradan yarim yil o‘tar-o‘tmas, Abduqodir Husanov maqsadiga yetdi.