O‘zbekistonda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik belgilandi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Qayd etilishicha, jismoniy shaxslarning yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlashi BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 875 ming so‘mdan 3 mln 750 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Hayvonlar esa musodara qilinadi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik odamlarning sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, basharti jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha (11 mln 250 ming so‘mdan 18 mln 750 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi. Bunda ham ana shu hayvonlar musodara qilinadi.
Vazirlikning qayd etishicha, ilgari bunday norma mavjud bo‘lmagan.
Bundan tashqari, shaharlar va boshqa aholi punktlarida hayvonlarni saqlash qoidalarini buzish, xuddi shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan egasiz hayvonlarni tuttirish va saqlash choralarini ko‘rmaslik quyidagi jarimalarga sabab bo‘ldi:
- fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1 mln 125 ming so‘mdan 1 mln 875 ming so‘mgacha);
- mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 875 ming so‘mdan 3 mln 750 ming so‘mgacha).
Shuningdek, xuddi shunday huquqbuzarlik odamlarning sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, basharti jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa quyidagicha bo‘ladi:
- fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 750 ming so‘mdan 5 mln 625 ming so‘mgacha);
- mansabdor shaxslarga esa 15 baravaridan 30 baravarigacha (5 mln 625 ming so‘mdan 11 mln 250 ming so‘mgacha).
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning noyabrida saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning ro‘yxati hamda ushbu ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yuridik shaxslar tomonidan saqlash tartibi tasdiqlangandi. Hayvonlarning to‘liq ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.