Toshkent metropoliteni va pochta bo‘limlarida ATTO transport kartalarining yo‘qligi chayqovchilik bilan bog‘liq. Bu haqda “Gazeta.uz”ga ATTO direktori Davron Shoyoqubov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda fuqarolar jami 200 ming, dekabr va yanvar oyining birinchi 9 kunida esa 110 ming karta xarid qilgan.

“Yo‘lovchilar qo‘ng‘iroq qilib, kartalar narxini oshirganimizni aytishdi. Kassalarda kartalar yo‘q, lekin metroga kiraverishda ularni 30−40−50 mingga sotishyapti, deyishdi. Ma’lum bo‘lishicha, chayqovchilar kartalarni xarid qilib, ularni qayta sotayotgan ekan”, — dedi Davron Shoyoqubov.

ATTO metro va UzPost`ga bir kishiga ikkitadan ortiq karta sotmaslik bo‘yicha xat yubordi

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 10-yanvar kuni savdoga 50 mingta karta chiqarilgan, lekin partiya tez tugagan. 18-yanvar kuni yana 50 mingta karta kelishi, yanvar oyi oxirigacha esa yana 200 mingta karta savdoga chiqarilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, ko‘p sonli kartalar faollashtirilmagan holda saqlanmoqda. Hozirda aholining qo‘lida 1,7 mln karta mavjud. Har kuni yo‘lovchilar avtobuslarda 500 marta, metrodagi sayohatlarda esa 140 marta to‘lov amalga oshiradi.

“Jami bu 640 ming qatnov va taxminan 300 mingga yaqin yo‘lovchini tashkil etadi. Bu degani 1,7 mln kartadan faqat 300 mingtasi ishlatiladi. Qolgan 1,4 mln kartalar qayerda? Agar nazariy jihatdan 400 ming karta buzilgan yoki yo‘qolgan deb oladigan bo‘lsak, yana 1 mln karta qoladi. Ular javonlarda yoki sotuvchilar va chayqovchilar qo‘lida yotibdi”, — deya xulosa qildi ATTO.

Kompaniya transport kartalarida amal qilish muddati ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramay, ularning amal qilish muddati yo‘qligini eslatib o‘tdi. Avtobuslarda naqd pul qabul qilishni to‘xtatish oldidan, yangi transport kartalariga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish maqsadida, ATTO barcha transport kartalari uchun amal qilish muddatini bekor qildi.