Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmuratov tomonidan Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga senator so‘rovi yuborilgan edi.
Unda tizimda amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan birga nima sababdan Surxondaryo viloyatidagi birorta avtomaktab faoliyati litsenziyalanmagani hamda yana bir qator kamchiliklar yuzasidan tushuntirish berish so‘ralgan.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan ushbu senator so‘roviga javob yuborilgan.
Unga ko‘ra, 2025-yil 7-yanvar kuni Surxondaryo viloyatidagi “Vatanparvar” tashkilotiga qarashli 14 ta avtomaktabning litsenziya olish uchun berilgan murojaati IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan elektron tizim orqali qabul qilingan. Murojaat tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, avtomaktablarga litsenziya berish masalasi ijobiy hal qilingan.
“Jumladan, 2025-yil 16-yanvar kuni „Vatanparvar“ tashkiloti Muzrabot tuman o‘quv sport texnika klubiga, 17-yanvar kuni „Vatanparvar“ tashkiloti Denov avtomaktabiga hamda Uzun o‘quv sport texnika klublariga litsenziyalar berilgan. Xuddi shunday qolgan avtomaktablarga ham litsenziyalar berilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, ma’lum bo‘lishicha, Surxondaryo viloyatida ajratilgan yer maydonida tadbirkor tomonidan imtihon markazi hamda avtodromning qurilish ishlari olib borilayotganligi, qurilish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilganda, haydovchilikka nomzodlardan imtihonlar olish ishlari qonunchilik talablari asosida amalga oshiriladi.
Avvalroq “Gazeta.uz” avtomaktablar bilan bog‘liq muammo O‘zbeksitonning boshqa hududlarida ham kuzatilayotgani haqida maqola e’lon qilgan edi. Unda O‘zbekistonda 2023-yil oxirigacha 1400 dan ortiq nodavlat avtomaktab bo‘lgani. Ularning bor-yo‘g‘i 80 dan ortig‘i faoliyatini davom ettirayotgani qayd etilgandi.
Avtomaktablarni litsenziyalashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 408-sonli qaroriga o‘zgartishlar kiritilgandan so‘ng avtomaktablar litsenziya olish kamaydi.
“Gazeta.uz” bilan suhbatlashgan soha vakillarining ta’kidlashicha, yangi talablar avtomaktablar uchun ancha og‘ir. Birinchidan, avtodrom maydoni 1 gektardan kam bo‘lmasligi kerak. Ikkinchidan, avtodrom avtomatlashtirilgan tizimlarga ega bo‘lishi kerak — bu butun avtodrom hududida kuzatuv kameralari, maxsus datchiklar va boshqa texnik vositalari bilan to‘ldirilishi kerak, degani. Uchinchidan, u nafaqat yengil avtomobillarni boshqarish, balki yuk mashinalari va avtobuslarni haydash bo‘yicha imtihonlarni topshirishga imkon beradigan bo‘lishi kerak.
“Gazeta.uz” muxbirlari bog‘langan bir necha avtomaktab vakillari haqiqatan ham avtodrom jiddiy muammoga aylanganini tasdiqladi. Haqiqatan ham, aksariyat avtomaktablarning o‘z avtodromi yo‘q. Shu vaqtgacha avtodromi yo‘q o‘quv muassasalari avtodromlarni ijaraga olgan (bir avtodrom bir necha avtomaktab tomonidan ijaraga olinishi ham mumkin edi). Masalan, vakili “Gazeta.uz”ga intervyu bergan bir avtomaktab joriy o‘zgarishlargacha amaliy (avtodrom) mashg‘ulotlarini xalq orasida “Fayzobod GAI” nomi bilan tanilgan Mirobod tumanidagi ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limida o‘tkazgan (u 2024-yil 8-yanvarida ta’mirlash ishlari sabab yopilgandi, mart oyida prezident tashrif buyurganida, u joy diagnostika markaziga aylantirilishi aytilgandi).
“Bir kulgili muammo bor. Biz faqat “B toifa (yengil avtomobillar) bo‘yicha haydovchilik guvohnomasini olishga o‘qitamiz. Lekin respublika YHXX bizning ixtiyorimizdagi avtodromda qolgan toifadagilar uchun sharoit bo‘lishi kerakligi haqida buyruq chiqarib qo‘ydi. Biz bu masalada shahar YHXXga bordik, ular bu masalani hal qilolmasligi aytdi. Keyin respublika YHXXga bordik, ular esa bir gektardan kam bo‘lmasin va hamma uchun sharoit bo‘lsin, deb turibdi. Biz faqat bitta toifa bo‘yicha o‘qitadigan bo‘lsak, nega avtodromimizda qolgan toifalar bo‘yicha ham sharoit qilishimiz kerak axir?”, — deydi Toshkentdagi bir avtomaktab vakili.
Avtomaktablar talablarni yumshatishni so‘rayotgani haqidagi savolga YHXX matbuot xizmati boshlig‘i Zoyir Yo‘ldoshev shunday javob qaytardi: “Yangi talablarni tasdiqlagan qaror bor. Shu vaqtgacha shu talablarni bajargan avtomaktablarga faoliyatini qayta boshlashga ruxsat berilyapti. Boshqalar ham talabni bajarsa, ruxsat beriladi. Nodavlat avtomaktablarning egalari — tadbirkorlar va ular haydovchilikka o‘qitgani uchun pul oladi. Agar ular shu tadbirkorlik turi bilan shug‘ullanishni istasa, marhamat, o‘quv maydonlarini talab darajasida jihozlasin va ishlayversin. Bu davlatning talabi”.