Bekzod Toshpo‘latov Jizzaxning Zarbdor tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 17-yanvar kuni xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirok etdi.

Jizzax hokimi majlisda Zarbdor tumani hokimi lavozimiga tavsiya etilgan nomzod Jizzax viloyat Soliq boshqarmasi boshlig‘i Toshpo‘latov Bekzod Turg‘unovichni tanishtirdi.

Viloyat hokimining Bekzod Toshpo‘latovni Zarbdor tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarori deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi.

Zarbdor tumanining sobiq hokimi Zafar Ro‘ziyev 2024-yilning 28-dekabr kunida viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi.