Istiqbolli loyihalar milliy agentligi eng yirik kriptobirjalaridan biri — Binance tomonidan O‘zbekiston foydalanuvchilariga (rezidentlariga) xizmat ko‘rsatish masalasini hal qildi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar qildi.
Mamlakat hududida Binance kriptobirjasi o‘z faoliyatini qonunchilik bilan belgilangan tartibda mahalliy CoinPay MCHJ orqali amalga oshirishni rejalashtirmoqda. CoinPay kompaniyasi kripto-aktivlar aylanmasi sohasida rasmiy xizmat ko‘rsatuvchi provayder bo‘lib, u kripto-birja va kriptodo‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyalarga ega.
O‘zbekiston rezidentlari Binance platformasiga CoinPay’ning tegishli resurslari (coinpay.uz) orqali kirishlariga imkoniyat beriladi. Shu bilan birga, foydalanuvchilar o‘z mablag‘larini bank kartalari va milliy to‘lov tizimlari orqali milliy valyutada kiritish hamda chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tizimni ishga tushirish, hamkorlar platformalarining barcha modullari, jumladan, milliy to‘lov tizimlari bilan integratsiyalashganidan so‘ng amalga oshirish rejalashtirilgan. Tizimning ishga tushirilishi haqida hamkorlarning rasmiy resurslarida (CoinPay i Binance) qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi.
2024-yilning yanvar oyida Agentlik tomonidan Binance kriptobirjasiga nisbatan O‘zbekiston qonunchiligi, xususan, kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik talablarini buzganligi uchun jarima qo‘llash haqidagi qaror qabul qilingan edi. Shundan so‘ng, tegishli da’vo arizasi Toshkent shahar iqtisodiyot sudiga yuborilgan.
2024-yilning 26-martidan 7-iyuniga qadar javobgar (Binance kriptobirjasi) vakili ishtirokida davom etgan sud jarayonlari yakuniga ko‘ra, sud agentlikning arizasini to‘liq qondirish hamda kriptobirjadan 300 bazaviy hisoblash miqdoriga teng bo‘lgan jarimani O‘zbekiston budjetiga belgilangan tartibda undirish haqida qaror qabul qilgan.
Binance kriptobirjasi sudning barcha talablarini bajarganligini hamda jarimani qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat budjetiga to‘liq to‘lagan.