2024-yil oxirida Xitoy aholisi 1,39 million kishiga kamaydi va hozirda 1,4 milliarddan sal ko‘proqni tashkil etmoqda, deya xabar bermoqda Reuters Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga tayanib. Xitoyda uchinchi yildirki, aholi sonining tabiiy qisqarishi kuzatilmoqda.

2024-yilda Xitoyda tug‘ilganlar soni 9,54 million (2023-yilda 9,02 million), vafot etganlar soni 10,93 million (2023-yilda 11,1 million) kishini tashkil qildi. 60 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolar soni ham oshdi — 2023-yildagi 296,97 milliondan 2024-yilda 310,31 milliongacha.

Bu ma’lumotlar ekspertlar orasida dunyoning ikkinchi eng yirik iqtisodiyoti ishchilar va iste’molchilar sonining qisqarishi tufayli qiyinchiliklarga duch kelishidan xavotir uyg‘otmoqda, deb yozdi Reuters. Qariyalar parvarishi va pensiya nafaqalari narxining oshishi shusiz ham qarzga botib qolgan mahalliy hukumatlar ahvolini yanada og‘irlashtirishi mumkin.

Xitoyda 1980-yildan 2015-yilgacha amalda bo‘lgan “Bir oila — bir bola” siyosati hamda jadal urbanizatsiya natijasida Xitoyda tug‘ilish darajasi bir necha o‘n yillar davomida pasayib bormoqda, deya qayd etadi Reuters.

Qo‘shni Yaponiya va Janubiy Koreyada bo‘lgani kabi, ko‘p sonli xitoyliklar qishloq fermalaridan bolalarni parvarishlash qimmatroq bo‘lgan shaharlarga ko‘chib o‘tdi. Agentlikning ta’kidlashicha, bolalarni parvarish qilish va ta’lim olishning yuqori narxi, shuningdek, ish rejasidagi noaniqlik va iqtisodiyotning sekinlashishi ko‘plab xitoylik yoshlarni nikohdan o‘tib, oila qurishdan to‘smoqda.

Demograflarning ta’kidlashicha, gender diskriminatsiyasi va ayollarning uy yumushlari bilan shug‘ullanishi haqidagi an’anaviy kutilmalar muammoning kuchayishida rol o‘ynagan.

“Xitoy aholisi qisqarishining katta qismi chuqur tarkibiy sabablarga bog‘liq: fundamental tarkibiy o‘zgarishlarsiz — ijtimoiy xavfsizlik tizimini yaxshilashdan gender diskriminatsiyani bartaraf etishgacha — aholining qisqarish tendensiyasini qaytarib bo‘lmaydi”, — dedi Michigan universiteti sotsiologiya kafedrasi dotsenti Yun Chjou Reuters’ga.

Xitoy hukumati aholini ko‘proq farzand ko‘rishga undashga harakat qilmoqda va o‘tgan yili tug‘ilish darajasini oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni joriy qildi. Dekabr oyida rasmiylar nikoh, sevgi, serfarzandlik va oila haqidagi ijobiy fikrlarni tarqatish uchun universitetlar o‘quv dasturlariga “sevgi ta’limi"ni kiritishga chaqirdi. Noyabr oyida Xitoy Davlat kengashi mahalliy hukumatlarni “maqbul yoshda” farzand ko‘rish va nikohni hurmat qilishni targ‘ib qilishga chaqirdi.

Bundan tashqari, rasmiylar yosh oilalarga soliq imtiyozlari, arzon uy-joy va naqd pul taklif qilmoqda. Shaharlar sun’iy urug‘lantirish xarajatlarini qoplashga va’da bermoqda va mamlakatning ba’zi qismlari yolg‘iz onalarni jazolaydigan cheklovlarni olib tashlashga harakat qilmoqda, yozdi New York Times.

Tug‘ilishda davom etayotgan qisqarish sog‘liqni saqlash, ta’lim va hatto iste’mol bozoriga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda, deb yozdi gazeta. Xususan, ko‘plab chaqaloq formulalarini ishlab chiqaruvchilar endi keksalar uchun kalsiy va selenli kokteyllar ishlab chiqarishga majbur bo‘lmoqda, o‘nlab xususiy tug‘uruqxonalar, bolalar va onalar uchun klinikalar yopildi.