16-yanvar kuni Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tengligi va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi “Gender tengligi faoli-2024” har yillik tanlovi yakunlarini e’lon qildi. Tanlovning maqsadi barcha tashkilotlarda gender tengligini ta’minlash, shuningdek, ayollar huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan siyosatni shakllantirishdan iborat.
Senat matbuot xizmati xabar berishicha, tanlovda 7 ta asosiy va 3 ta qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha 934 ta tashkilot va muassasa ishtirok etgan.
O‘zbekiston Milliy gvardiyasi gender tengligini ta’minlashda respublika darajasidagi eng faol davlat organi sifatida e’tirof etildi. Tizimda 1632 nafar ayol xodim va harbiy xizmatchi mehnat qiladia. 2024-yilda Milliy gvardiyada xotin-qizlar uchun xodimlar va ularning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha 41 ta ofitser lavozimlari ochilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi gender tengligini ta’minlashda eng faol hududiy davlat organi deb topildi. Vazirlik tizimida 200 nafardan ortiq xotin-qiz mehnat qiladi, ulardan 3 nafari rahbarlik lavozimlarida ishlaydi.
Ammofos-Maxam korxonasi eng faol hududiy davlat tashkiloti deb topildi. Kompaniya xodimlarining deyarli 40 foizini ayollar tashkil etadi.
Xorazm viloyati hokimligi eng faol viloyat hokimligiga aylandi. Viloyatda xotin-qizlarning rahbarlikdagi ulushi 31 foizni tashkil etadi, siyosiy partiyalarga a’zolikda — 43,5 foiz, tadbirkorlik faoliyatida — 32 foiz. 620 nafarga yaqin xotin-qiz davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.
Jizzax viloyati Sharaf Rashidov tumani hokimligi eng faol tuman hokimligi deb topildi. Hokimlikdagi xodimlarning 40 foizini, tuman kengashi deputatlarining 35 foizini ayollar tashkil etadi. Rahbar lavozimlarda 1100 nafar xotin-qiz ishlaydi.
O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi va “Zakovat” intellektual klubi gender tengligini ta’minlashda eng faol NNTlar bo‘ldi. Uyushmalarda “Ayollar media klubi” faoliyat yuritadi.
“Akbarjon Barakat” korxonasi eng faol tadbirkorlik subyekti sifatida tan olindi, unda ishchi-xizmatchilarning 32 foizini ayollar tashkil etadi. Korxona MDH davlatlariga eksport qilinadigan un mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
“Adolat” milliy huquqiy axborot markazining “Huquqiy klinika” dasturi gender tengligini targ‘ib qilish bo‘yicha eng yaxshi teleko‘rsatuv bo‘ldi.
Oyina.uz sayti gender tengligini targ‘ib qiluvchi eng yaxshi sayt, “Yangi Sirdaryo” gazetasi esa eng yaxshi nashr deb topildi.
Eslatib o‘tamiz, Jahon bankining o‘tgan yilning bahorida e’lon qilingan “Ayollar, biznes va qonun” indeksida O‘zbekiston beshta ilg‘or o‘zgarishlar qilgan davlatlar qatoridan joy olgan. Mamlakatda xotin-qizlarning mavqeini yaxshilaydigan to‘rtta huquqiy islohot amalga oshirildi: oiladagi zo‘ravonlikni jinoiylashtirish, teng ish haqi to‘lash qoidasi va ayrim sohalarda ayollarning ishlashiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash.