O‘zbekiston Markaziy banki 17-yanvardan boshlab og‘irligi 100 gramm bo‘lgan, oltindan tayyorlangan o‘lchovli quymalarni tijorat banklari orqali sotuvga chiqaradi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Quymalar 2020-yildan boshlab sotuvga chiqarilgan 5, 10, 20, 50 grammli o‘lchovli oltin quymalarga qo‘shimcha ravishda taklif etiladi. Markaziy bank bundan aholining investitsiya va jamg‘arish imkoniyatlarini yanada oshirish hamda qimmatbaho metallar muomalasini kengaytirish maqsad qilinganini ta’kidlagan.

“Quymalar maxsus himoya qadoqlarida sotuv uchun taqdim etiladi. Oltin quymalarning qadog‘i sertifikat vazifasini bajarib o‘z seriya raqamiga ega bo‘ladi. Oltin quymalarning sotish narxlari har kuni Markaziy bankning rasmiy veb-saytida milliy valyutada e’lon qilib boriladi”, — deyiladi xabarda.

Regulyator qadoqlari but oltin quymalar sotuv shoxobchalarida quyma egasiga to‘lovni amalga oshirish orqali qaytarib sotib olinishini eslatgan. Qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan oltin quymalarni qaytarib sotib olish ularni texnik ekspertizadan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi va ekspertiza o‘tkazilgandan so‘ng to‘lov to‘lab beriladi.

Qadog‘i but holatdagi oltin quymalarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 16-yanvar holatiga o‘lchovli quymalarning narxlari quyidagicha edi:

Infografika: Markaziy bankInfografika: Markaziy bank