Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi hokim yordamchisi 30 ming dollar olgan vaqtida ushlandi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Uchtepa tumanidagi mahallalardan birining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga tuman hududida 4 ta savdo do‘koni qurishi uchun yer olib berishni va’da qilgan.

Buning uchun u yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali jami 210 kvadrat metr yer maydonini auksion savdolari orqali yutib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 30 ming dollar so‘ragan. Biroq pulni olayotganida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.

Hokim yordamchisi muqaddam Jinoyat kodeksining quyidagi va boshqa moddalari bo‘yicha 3 marotaba sudlangan:

  • 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)
  • 168-moddasi (Firibgarlik)
  • 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish).

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 28,211-moddasining 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.