Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning ofisi Isroil va HAMAS muzokara guruhlari Dohada G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish to‘g‘risidagi bitimni imzolaganini tasdiqladi.
“Isroil davlati urushning barcha maqsadlariga erishishga, jumladan, barcha garovdagi, tirik va halok bo‘lganlarni qaytarishga sodiq”, — deyiladi 17-yanvardagi bayonotda.
Qatar, AQSh va Misr vositachiligida tuzilgan bitimni kelishish chorshanba kuni kechqurun ma’lum bo‘ldi. Biroq Isroil tomoni hujjat imzolanganini tasdiqlamagandi.
Avvalroq Netanyahuning ofisi so‘nggi daqiqada HAMAS bir qator kelishuvlardan voz kechgani va kelishuvga yangi bandlar kiritishga harakat qilayotganini ma’lum qilgandi. Axios Isroil va Amerikadagi manbalariga tayanib, guruh bir nechta isroillik garovga olinganlarni terroristik hujumlarni rejalashtirish va uyushtirgani uchun Isroil qamoqxonalarida umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan HAMAS harbiy yetakchilariga almashtirishni talab qilganini yozgan.
Endi kelishuv Isroilning xavfsizlik masalalari bo‘yicha mahkamasi tomonidan ma’qullanishi kerak, keyin esa hukumat 18-yanvar kuni kechqurun ovoz berishga yig‘iladi, deya aniqlik kiritdi Axios. Shu sababli dastlabki uch garovga olinganlarni ozod qilish yakshanbadan kamida dushanbaga — 20-yanvarga ko‘chirildi.
Kelishuv haqida
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuv uch bosqichni o‘z ichiga oladi. Birinchi bosqich olti haftaga mo‘ljallangan. Bu davrda HAMAS isroillik 33 nafar garovga olinganlarni, shu jumladan? barcha ayollar (askarlar va fuqarolar), bolalar va 50 yoshdan oshgan erkaklarni ozod qiladi. Buning evaziga Isroil yuzlab falastinlik mahbuslarni qamoqdan ozod qiladi va o‘z qo‘shinlarini bufer zonasiga olib chiqadi.
Bitimning ikkinchi bosqichi bo‘yicha muzokaralar birinchi bosqichning 16-kuniga qadar boshlanishi kerak. U barcha garovga olinganlarni ozod qilish, o‘t ochishni to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini G‘azo hududidan to‘liq olib chiqishni o‘z ichiga olishi kutilmoqda.
Uchinchi bosqich halok bo‘lgan garovdagilarning qolgan jasadlarini qaytarish va Misr, Qatar va BMT nazorati ostida G‘azoning tiklanishini boshlash bilan bog‘liq bo‘ladi.