Ijtimoiy karta tajriba-sinov bosqichida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida joriy etildi. Karta 2024-yilning dekabr oyidan boshlab yangi tayinlangan 9 turdagi ijtimoiy to‘lovlar oluvchi shaxslarga taqdim etilmoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi karta va uning afzalliklari haqida ma’lumot berdi.
Ijtimoiy to‘lovlar oluvchi shaxslarga ijtimoiy kartalar bepul beriladi va dastlab to‘lov vositasi (bank kartasi) funksiyasini bajaradi. 2024-yil 1-dekabrdan boshlab quyidagi to‘lovlar ijtimoiy karta orqali to‘lab berilmoqda:
- Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi;
- Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam;
- Yoshga doir nafaqa;
- Nogironlik nafaqasi;
- Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun har oylik moddiy yordam;
- Nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqalari;
- Nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan onalar uchun nafaqa;
- Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari xaridi uchun vaucher;
- Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi.
2025-yil 1-apreldan boshlab ushbu hududlar (Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida) bo‘yicha yana qo‘shimcha 2 turdagi ijtimoiy to‘lovlar — homiladorlik va tug‘ish nafaqasi va “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan to‘lanadigan bir martalik moddiy yordamlar ijtimoiy karta orqali to‘lab beriladi.
Ijtimoiy karta quyidagi toifadagi shaxslarga bepul beriladi:
- Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar (shaxslar);
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar;
- Ko‘p bolali oilalarning a’zolari;
- Nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar bo‘lgan yolg‘iz yashovchi va yolg‘iz keksalar;
- O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar parvarishi bilan band bo‘lgan shaxslar;
- Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
- Vasiylar (homiylar), tutingan ota-onalar;
- Muomalaga layoqatsiz shaxslar;
- Muomala layoqati cheklangan shaxslar;
- Muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning qonuniy vakillari;
- Pensionerlar;
- Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan stipendiya to‘lanayotgan talabalar;
- Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan stipendiya to‘lanayotgan o‘quvchilar (tinglovchilar);
- Shahar yo‘lovchi transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga.
2025-yilning 1-aprelidan boshlab transport kartasi va imtiyozli transport kartasi funksiyalarini ham bajaradi. Ya’ni jamoat transportida imtiyozli yoki bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar, belgilangan imtiyozli yoki bepul tarifdan foydalangan holda, imtiyozga ega bo‘lmagan shaxslar umumbelgilangan transport tariflarida transportdan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Qayd etilishicha, ushbu funksiyani joriy etish maqsadida tegishli axborot tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Tajriba sinov bosqichida ijtimoiy karta ochish uchun elektron arizalar “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazlari orqali qabul qilinmoqda.
Keyinchalik fuqarolar Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali, “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali hamda ijtimoiy karta bo‘yicha belgilangan Moliyaviy agentlarning bo‘linmalari (AT “Xalq banki”, AT “Aloqabank”) orqali murojaat etishlari mumkin bo‘ladi.
Ijtimoiy karta ariza berilgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida taqdim etiladi. O‘zgalar parvarishiga muhtoj ayrim shaxslarga “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazlari tomonidan 15 kun ichida ijtimoiy kartalar ularning yashash joyiga yetkazib beriladi.
Ijtimoiy karta 2025-yil 1-iyuldan boshlab bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlariga joriy etiladi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 2025-yilda 600 ming kishiga ijtimoiy karta berilishini ma’lum qilgandi.