O‘zbekistonda bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi favqulodda shtab tashkil etilmoqda. U xalqaro moliya institutlari bilan ishlaydi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Yig‘ilishda har bir dollar investitsiyaning samaradorligini oshirish hudud va tarmoqlar rahbarlarining asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yetti yilda kiritilgan 120 milliard dollar investitsiya hisobiga 6 mingdan ortiq korxona ishga tushgan. Tahlillar ko‘rsatishicha, jalb qilingan har 1 ming dollar investitsiya yiliga o‘rtacha 530 dollar qo‘shilgan qiymat yaratmoqda. Tog‘-kon sanoatida bu ko‘rsatkich 700 dollarga yetgani sababli sohaga Germaniya, Turkiya, Xitoy va boshqa davlatlardan investorlar kirib kelishni boshlagan.
Lekin “O‘zbekneftgaz”, “O‘zmetkombinat” va qurilish materiallari tarmog‘ida investitsiya samaradorligi boshqa tarmoqlarga nisbatan 2 barobar pastligi aytildi. Investitsiya hisobiga qo‘shilgan qiymat Sirdaryoda respublika ko‘rsatkichidan 3 barobar, Buxoro va Qoraqalpog‘istonda 2 barobar kam. 230 ta tadbirkorning bojxona omborlarida uzoq muddatdan buyon saqlanayotgan 120 million dollarlik uskunalar egalariga yetkazildi. Lekin yana 105 ta tadbirkorning 110 million dollarlik uskunalari omborlarda turibdi.
Mutasaddilarga ushbu uskunalarni egalariga yetkazish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.
Bu yil xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 5,2 milliard dollarlik ishlar bajarilishi rejalashtirilgani aytildi. Investitsiyalarni o‘zlashtirishda haligacha byurokratiya ko‘pligi tanqid qilindi.
Shu munosabat bilan bosh vazir boshchiligida moliya institutlari bilan ishlash bo‘yicha alohida Favqulodda shtab tashkil qilinishi belgilandi. Shtab har bir loyihani ichiga kirib, aniq ishlarni amalga oshiradi, har hafta loyihama-loyiha muhokama o‘tkazadi.
2025-yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan 1,1 milliard dollar, Islom taraqqiyot banki bilan esa 1 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish belgilangan.
Mutasaddilarga ushbu 2 ta xalqaro bank bilan yaqindan ishlab, tumanma-tuman yurib, tadbirkorlar bilan davlat kafolatisiz qilish mumkin bo‘lgan loyihalarni ko‘paytirish topshirildi. Ularga aniq mas’ullar biriktiriladi, mablag‘ jalb qilishda tadbirkorlarga ko‘maklashilishi qayd etildi.