AQSh O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan qo‘llagan “Jekson-Venik” tuzatishini bekor qilishi mumkin. Bu haqda Donald Tramp tomonidan davlat kotibi lavozimiga ko‘rsatilgan senator Marko Rubio ma’lum qildi.
15-yanvar kuni Kapitoliy tepaligida bo‘lib o‘tgan Senatdagi eshituvlarda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan cheklovlarni olib tashlash masalasi ko‘tarildi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Marko Rubio deyarli besh soat nutq so‘zladi va Rossiyaga qarshi sanksiyalar, Ukrainadagi urush, Xitoy bilan munosabatlar hamda boshqalar bilan bog‘liq savollarga javob berdi.
Senator Stiv Deyns Rubioning “Jekson-Venik” tuzatishiga nisbatan qanday pozitsiyada ekanini so‘radi (O‘zbekiston va Qozog‘iston uni bir necha bor bekor qilishni so‘ragan). Deynsning aytishicha, u va senator Geri Piters o‘zlari tuzgan, Markaziy Osiyo kokusiga kiritgan birinchi maqsadlaridan biri mintaqa uchun ushbu tuzatishni bekor qilish va Qozog‘iston hamda O‘zbekistonga doimiy normal savdo rejimini taqdim etishdir.
“Davlat kotibi lavozimini egallaganingizda sizda ko‘plab ustuvorliklar bo‘lishini tushunaman. Lekin shuni ta’kidlashni istardimki, ushbu tuzatishni bekor qilish yaxshi niyatning namoyishi bo‘lardi. Markaziy Osiyo hozirda “Jekson-Venik”ning bekor qilinishi kabi rivojlanish vositalariga muhtoj”, — dedi senator.
Bunga javoban Rubio ushbu tuzatishni “o‘tmish sarqiti” deb atadi va undan Markaziy Osiyo mamlakatlariga bosim o‘tkazish uchun foydalanish endi ma’nosiz ekanini aytdi.
“Ba’zilarning ta’kidlashicha, biz undan inson huquqlari sohasida yon berish yoki Rossiya va boshqalardan farqli o‘laroq, [Markaziy Osiyo] davlatlarini o‘z tomonimizga og‘dirish uchun bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanishimiz kerak. Ammo ba’zi hollarda bu o‘tmishning bema’ni sarqitiga o‘xshaydi”, — dedi davlat kotibi lavozimiga nomzod.
U AQSh Savdo vazirligi tomonidan bozor iqtisodiyoti sifatida tan olingan Qozog‘istonni alohida ta’kidladi. Bundan tashqari, Qozog‘iston yaqinda JST vazirlar konferensiyasini qabul qildi.
Rubio tuzatishni faqat qonunchilikdagi o‘zgarishlar orqali bekor qilish mumkinligini ta’kidladi. U boshqa senatorlar qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirdi.
“O‘ylaymanki, biz siz bilan bu masala ustida ishlaymiz, chunki men ham buni muhim deb hisoblayman”, — deb javob berdi Rubio. Deyns Markaziy Osiyoni “dunyoning e’tibordan chetda qolgan qismi” deb atadi.
“Biz bu borada senator Myorfi bilan birgalikda ishlayapmiz. Siz Markaziy Osiyo mamlakatlari va Qo‘shma Shtatlarni o‘z ichiga olgan C5+1 formatini bilasiz. Umid qilamizki, u yerda biron-bir sammit tashkil qilish uchun prezident Tramp bilan hamkorlik qilishimiz mumkin. Bu Afg‘onistondan qo‘shinlar olib chiqib ketilgandan keyin katta strategik ahamiyatga ega. Bizga Markaziy Osiyoda ko‘proq do‘stlar kerak va biz bu yo‘nalishda ishlash imkoniyatini intiqlik bilan kutmoqdamiz”, — dedi senator.
Eslatib o‘tamiz, senator Stiven Deyns va kongressmen Mayk Rojers 2024-yil mart oyida Toshkentda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan edi.
“Jekson-Venik” tuzatishi — 1974-yilda AQSh Savdo to‘g‘risidagi qonuniga kiritilgan tuzatishlar bo‘lib, ular emigratsiyaga (ko‘chish) to‘siq qo‘yuvchi va boshqa inson huquqlarini buzuvchi davlatlar bilan savdoni chegaralashni ko‘zda tutadi. Hujjat uni taklif qilgan kongressmenlar Genri Jekson va Charlz Venik sharafiga nomlangan.