Qozog‘iston Energetika vazirligi benzin va dizel yonilg‘isining cheklangan narxlarini bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Orda.kz xabar berdi.

Ushbu qaror narxni shakllantirishning bozor modeliga o‘tish zarurati bilan bog‘liq bo‘lib, vazirlikning fikricha, yonilg‘i taqchilligini bartaraf etishga va sohani modernizatsiya qilish uchun sharoit yaratishga yordam beradi.

Bugungi kunda Qozog‘istonda yonilg‘i narxi mintaqadagi eng past narxlardan biri bo‘lib qolmoqda.

“Masalan, Ai-92 benzinining narxi mamlakatda bir litri uchun 205 tenge (5000 so‘mdan biroz yuqori)ni tashkil etsa, Rossiyada 288 tengeni, Qirg‘izistonda 385 tengeni, O‘zbekistonda esa 489 tenge (salkam 12 ming so‘m)ni tashkil etadi. Xuddi shunday holat dizel bilan ham kuzatiladi: Qozog‘istonda uning narxi bir litr uchun 295 tengega teng, qo‘shni mamlakatlarda esa 355−528 tenge”, — deyiladi xabarda.

Energetika vazirligining ta’kidlashicha, bunday sezilarli tafovut yonilg‘ini noqonuniy sxemalardan foydalangan holda xorijga olib chiqishni keltirib chiqaradi va neftni qayta ishlash korxonalarini modernizatsiya qilishni qiyinlashtiradi.

“Qozog‘istonda yonilg‘i narxi dunyodagi eng past narxlardan biri bo‘lib qolmoqda, bu esa qo‘shni davlatlar bilan narx farqini, shuningdek, tanqislikni keltirib chiqaradi, sohani modernizatsiya qilishga to‘sqinlik qiladi va yonilg‘ining noqonuniy olib chiqilishga olib keladi”, — deyiladi Energetika vazirligi xabarida.

Taklif etilayotgan siyosat talab va taklif o‘rtasidagi bozor muvozanatiga erishish, yonilg‘i tanqisligini bartaraf etish, uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan. Biroq vazirlik har qanday o‘zgarishlar bosqichma-bosqich va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni hisobga olgan holda amalga oshirilishini ta’kidladi.

Energetika vazirligi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga dizel yonilg‘isidan kafolatlangan foydalanish imkoniyatini (shaffof sxemalar va arzon narxlarda) va’da qilmoqda. O‘z navbatida, fuqarolar uchun qo‘llab-quvvatlash choralari saqlab qolinishi aytilmoqda.