Kotrina Kulbite futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasining bosh murabbiyi etib tayinlandi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi.

17-yanvar kuni O‘FA rahbariyati Kotrina Kulbite bilan uchrashdi. U ulkan tarix va katta potensialga ega jamoa bosh murabbiyi etib tayinlanganidan mamnun ekani va ayollar futboli yanada rivojlanishida bor kuch-g‘ayratini ishga solishga tayyorligini bildirdi.

Shundan so‘ng, UEFA`ning “Pro” litsenziyasiga ega bo‘lgan Kotrina Kulbite bilan shartnoma masalasida dastlabki muzokaralar olib borildi. Litvalik mutaxassisning vazifalari muhokama qilindi va kelgusidagi rejalar xususida fikr almashildi.

ayollar, котрина кулбите, terma jamoa, futbol

O‘zbekiston 2029-yilda ayollar futboli bo‘yicha qit’aning eng nufuzli turniri — ayollar Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi. O‘FA rahbariyati mazkur kubokda munosib ishtirok etish, Jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish asosiy maqsadlar ekanini aytdi.

Shu bilan birga, 2025-yilning iyun oyida o‘tkaziladigan 2026-yilgi ayollar Osiyo kubogi saralash bosqichida yuqori natija ko‘rsatib, qit’a turniriga yo‘llanma olish zarurligini ta’kidlandi.

Ma’lumot o‘rnida, Kotrina Kulbite UEFA murabbiylarni o‘qitish bo‘yicha instruktori hisoblanadi. U Litva ayollar terma jamoasi va turli yosh toifalaridagi qizlar terma jamoalarida bosh murabbiy va yordamchi murabbiy lavozimlarida faoliyat yuritgan.