2024-yilda 483 nafar migrantning jasadi O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda 17-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi rahbariyati ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Agentlik boshqarma boshlig‘i Nigora Isroilovaning ma’lum qilishicha, chet ellarda vafot etgan o‘zbekistonliklarning jasadlarini O‘zbekistonga olib kelish xarajatlari davlat budjeti hisobidan qoplangan.

“Jasadlarni olib kelish xarajatlari, qaysi davlatdan ekanligiga qarab, turlicha hisoblanadi. Misol uchun, Rossiyadan bitta jasadni olib kelishga 1000 dollargacha, Angliyadan 4−5 ming dollargacha, Yaponiya, Koreyadan esa 9 ming dollargacha mablag‘ ketadi”, — dedi u.

Isroilovaning qayd etishicha, xorijda vafot etgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa va uning yaqinlari agentlikka murojaat qilsagina, jasadni olib kelishda ko‘mak ko‘rsatiladi.

Migratsiya agentligi axborot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, o‘tgan yili O‘zbekistonga qaytarilgan 483 jasadning 474 tasi Rossiyadan, 5 tasi Turkiyadan, 4 tasi Koreya va Qozog‘istondan olib kelingan.

Qo‘shimcha qilinishicha, 2024-yili xorijda og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan 775 nafar, og‘ir tan jarohati olgan 182 nafar o‘zbekistonlik ham agentlik ko‘magi bilan O‘zbekistonga qaytarilgan.