2025-yilning ilk kunlaridan boshlab, Toshkentda avtobus salonlarida naqd to‘lov qabul qilish bekor qilingandan so‘ng shaharda bir necha bor tashilgan yo‘lovchilar sonining rekord darajasi qayd etildi. Bu haqda 9-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jamoat transporti tizimiga mas’ul tashkilotlar vakillari ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 1-yanvardan boshlab Toshkent shahridagi avtobus salonlarida naqd pulda to‘lov qilish mumkin emas. Yo‘lkirani 10 dan ortiq naqd pulsiz to‘lov usullari orqali to‘lash mumkin: ATTO transport va virtual kartalari, istalgan banklarning UzCard va Humo kontaktsiz kartalari, xalqaro to‘lov tizimlari kartalari (Visa, MasterCard, UnionPay), shuningdek, Click, Uzum, Plum to‘lov ilovalari orqali.

Naqd pulga bir martalik QR-kodli chiptalarni sotib olish mumkin, ular Paynet, Oson va Multipay kompaniyalarining infokiosklari, shuningdek, Paynet oflayn punktlari orqali sotiladi. Bunday chiptalarning narxi 3000 so‘mni tashkil etadi, naqd pulsiz to‘lov uchun esa 1700 so‘m undiriladi.

QR-chiptalar naqd pulsiz to‘lov usullari bilan bir qatorda validatsiyadan o‘tgani va ATTO tizimida aks ettirilgani bois haqiqiy yo‘lovchilar sonini hisoblash imkoniyati vujudga keldi.

2025-yil yanvar oyi boshida tashilgan yo‘lovchilar soni 2024-yilning shu davridagi ko‘rsatkichlardan 30−40 foizga oshdi. Buni poytaxt yo‘lovchi tashish operatori “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Rustam Shamuradov ma’lum qildi.

“Naqd pul tufayli biz aniq raqamlarni ko‘ra olmayotgan edik. Naqd puldan voz kechish bu Transport vazirligining izchil izlanishlaridir va biz to‘rt yil davomida bu qadamni bosishga intildik. Tizim shunchaki paydo bo‘lgani yo‘q. Sabab-oqibat aloqalari o‘rganildi. Xalqaro tajribani o‘rgandik, biz fan-texnika taraqqiyoti bilan bahslashish juda qiyinligini tushunamiz. Bu jamoat transportining tabiiy rivojlanishidir”, — dedi Rustam Shamuradov.

ATTO direktori Davron Shayoqubovning so‘zlariga ko‘ra, agar 8-yanvar kuni tashilgan 1,3 million yo‘lovchi naqd pul to‘laganida, ular jami 1,8 milliard so‘m ko‘proq mablag‘ to‘lagan bo‘lardi.

Toshkent shahar Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikromovning ta’kidlashicha, salonlarda naqd pul qabul qilishning bekor qilinishi xavfsizlikni oshiradi, chunki haydovchilar pulni qabul qilish, qaytim berish bilan chalg‘imaydi. Xuddi shu sababdan jadvalga rioya qilish ta’minlanadi. Bundan tashqari, raqamlashtirish moliyaviy shaffoflikni ta’minlaydi va yo‘nalishlarni optimallashtirish, yo‘nalishlardagi harakatlanuvchi tarkib turlari yoki sonini o‘zgartirish uchun yanada batafsil ma’lumotlar bazasini to‘plash imkonini beradi.

“Oddiy qilib aytganda, agar har bir yo‘lovchi yo‘l haqini naqd pulsiz to‘lasa, biz sutkaning turli vaqtlarida butun yo‘nalishdan qancha odam foydalanayotganini ko‘ramiz va eshik tepasidagi datchiklar yordamida qaysi bekatda qancha odam kirishini aniqlaymiz. Balki qaysidir yo‘nalishga kattaroq sig‘imli, boshqa bir yo‘nalishga kichikroq sig‘imli avtobuslar qo‘yish kerakdir. Balki qayerdadir qatnovlar orasidagi intervallarni qisqartirish yoki uzaytirish, qayerdadir esa avtobus bekatida to‘xtab turish vaqtini oshirish kerakdir. Ma’lumotlar bilan ishlash va optimallashtirish aholining harakatchanligini va jamoat transportining jozibadorligini oshiradi”, — deya qo‘shimcha qildi Mirakbar Ikromov.

Naqd pulni qabul qilishni bekor qilish jamoat transporti tizimini isloh qilishning qadamlaridan biridir. Prezidentning 2023-yildagi qarori doirasida O‘zbekistonning barcha jamoat transporti yo‘lovchi tashishni tashkil etishning yangi modeli — brutto-shartnomalarga o‘tishi kerak. Mexanizm shuni nazarda tutadiki, yig‘ilgan barcha tushum shahar budjetining maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi va shahar ma’muriyati tashuvchiga bajarilgan ishlar hajmi asosida yo‘nalishlar bo‘yicha reyslari uchun haq to‘laydi.

Ushbu moliyalashtirish modeli butun dunyoda mashhur bo‘lib, unga har yili tobora ko‘proq shaharlar o‘tmoqda. O‘zbekiston esa MDHda brutto-shartnomalar milliy darajada joriy etiladigan birinchi davlat bo‘ldi — odatda, shahar transportini moliyalashtirish mexanizmi munitsipalitetlar darajasida belgilanadi.

O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashirmatovning ta’kidlashicha, modelda tashuvchi har bir yo‘nalish uchun marshrut ko‘rsatkichlarini bajarganda 10 foizlik rentabellik kafolatlanadi.

Shahar transporti qanday moliyalashtiriladi?

Har bir yo‘nalishdagi yo‘lning bir kilometri o‘z qiymatiga ega va yo‘nalishning rentabelligiga bog‘liq, dedi Rustam Shamuradov. Bu qiymat auksionga qo‘yiladi. Hamma tashuvchilar uni ko‘radi. Bir tashuvchi bu kilometr uchun 10 ming so‘m, ikkinchisi 8 ming so‘m taklif qiladi. Tashuvchilar yoqilg‘i, ish haqi, texnik xizmat ko‘rsatish va boshqa xarajatlaridan kelib chiqib narxni belgilaydi. Eng kam narxni taklif qilgan tashuvchi g‘olib bo‘ladi.

Shahar har bir yo‘nalish uchun o‘z talablarini belgilaydi: avtobus qancha marta u va bu tomonga yurishi kerak, har bir qatnovda nechta transport bo‘lishi lozim, haftaning turli kunlari va soatlarida oraliqlar qanday bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, avtobuslar bekatlarda to‘xtashi shart. Bu talablarning barchasi bajarilishini maxsus tashkil etilgan davlat muassasasi nazorat qiladi. Agar tashuvchi bu talablarni bajarsa, qatnovlar uchun to‘lov amalga oshiriladi.

Har bir avtobusda GPS-treker o‘rnatilgan bo‘lib, u har ikki soniyada mashinaning joylashuvini qayd etadi va ma’lumotlarni nazorat markaziga yuboradi. Bundan tashqari, nazorat markazi haydovchining xatti-harakatlarini kuzatishi mumkin: agar u cheksa yoki mobil telefondan foydalansa, unga jarima solinadi. Agar u bekatda to‘xtamasa, bu qatnovni avtomatik ravishda hisobga olmaydi. TSHTX hisobga olinmagan qatnovlar uchun pul olmaydi.

Nazorat markazi “Toshshahartransxizmat”ga har oyda bajarilgan ishlar to‘g‘risida hisobot beradi. Agar tashuvchi biror masalaga rozi bo‘lmasa, u hisobotning ayrim bandlari yuzasidan e’tiroz bildirishi mumkin. Shunda qo‘shimcha tekshiruv o‘tkaziladi.

Jamoat transportida yo‘l haqi endi faqat naqd pulsiz amalga oshirilishi sababli (hatto QR-chipta ham tekshiruvdan o‘tadi), yo‘l haqidan tushgan barcha mablag‘lar shahar hisobiga o‘tkaziladi. Agar oy oxirida yo‘lovchilardan yig‘ilgan pul tashuvchining xarajatlarini qoplashga yetmasa (bu yerda xarajatlar shahar bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq tashuvchi barcha yo‘nalishlarning har bir hisobga olingan kilometri uchun oladigan summa hisoblanadi), hokimlik tashuvchiga yetishmayotgan summani qoplaydi.

“Yangi tizim „Toshshahartransxizmat“ kompaniyasiga ko‘p o‘n yilliklar davomida birinchi marta zarar ko‘rib ishlayotgan korxonadan daromadli korxonaga aylanishiga imkon berdi, — dedi Rustam Shamuradov. — Jamoat transportidan foydalanish, avtobus parki va haydovchilarni boshqarish nuqtai nazaridan biz naqd pulni qabul qilishni bekor qilishga juda uzoq vaqt davomida intildik. Biz haydovchilarni rag‘batlantirish tizimini o‘zgartirdik. O‘nlab yillar davomida mavjud bo‘lgan, haydovchilar ma’lum miqdorda naqd pul yig‘ishlari va uni parkka olib kelib topshirishlari kerak bo‘lgan reja bekor qilindi”.

Naqd pulning bekor qilinishi avtobus bekatlari muammolarini yana bir bor dolzarblashtirdi, deb e’tirof etdi mas’ul idoralar vakillari. ATTO, TSHTX va Toshkent shahar hokimligi bekatlar yaqinida axborot kiosklari mavjud emasligidan yo‘lovchilarning noroziligiga doir ko‘plab murojaatlar oldi. Bekatlarning ko‘pchiligiga axborot kioskini o‘rnatish mumkin emas, chunki ular elektrlashtirilmagan. Ba’zilarida pavilonlar yo‘q. Mirakbar Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkent shahar hokimligi ushbu masalani hal qilish ustida ishlamoqda.

Davron Shoyoqubov yanvar oyida yangi tariflarni joriy etish bo‘yicha Toshkent shahar hokimining navbatdagi qarori imzolanishi kutilayotganini ta’kidladi. Yangi tarif bo‘yicha bir oy davomida har o‘nta qatnov avvalgi o‘ntaga nisbatan arzonroq bo‘lishi kutilmoqda.

Mirakbar Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, naqd pul qabul qilish bekor qilingandan so‘ng intervallarga rioya qilish 28 foizga oshdi. Yo‘l haqini undirish endi haydovchilarning vazifasi emas, ular faqat yo‘lovchilarni tashish, jadval va intervallarga rioya qilish, shuningdek, xavfsiz boshqaruvga e’tibor qaratmoqda.

“Naqd pulsiz to‘lov bizga har bir yo‘nalishning xususiyatini o‘rganish imkonini beradi, — dedi Mirakbar Ikromov. — Biz mutaxassislar bilan har bir yo‘nalishni qaytadan o‘rganib chiqamiz. Ehtimol, qaysidir yo‘nalishdan biz o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq odam foydalanayotgani, avtobusning to‘ldirilish darajasi yuqoriroq ekani ma’lum bo‘lar. Shunda biz odamlarga qulayroq bo‘lishi uchun katta avtobuslarni ushbu yo‘nalishga qo‘yishga yoki oraliqlarni qisqartirishga qaror qilamiz. Chunki avtobusda odam ko‘p bo‘lsa, yo‘lovchilar noqulaylik sezadi va jamoat transportidan foydalanishni xohlamaydi. Balki qaysidir yo‘nalishdan, aksincha, kamroq odam foydalanar. 2025-yilda biz bularning barchasini qaytadan o‘rganib chiqamiz”.

Bundan tashqari, u aprel-may oylarida yana 200 ta elektrobus sotib olish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Bu oraliqlarni qisqartirish, yangi yo‘nalishlarni ochish va jamoat transporti bilan qamrab olinmagan hududlar transport tizimini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Avvalroq “Gazeta.uz” Toshkentda qancha yangi avtobus yo‘nalishlari ochilishi, 1000 ta yangi avtobusdan qanday foydalanilishi va ularning kelishiga qanday tayyorgarlik ko‘rish kerakligi haqida yozgandi.