17-yanvar kuni Rossiya va Eron prezidentlari Vladimir Putin hamda Mas’ud Pezeshkiyon Moskvadagi muzokaralar yakunida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnomani imzoladi, deb xabar qildi Kreml matbuot xizmati.
Ushbu chinakam muhim hujjat Rossiya va Eron, butun Yevroosiyo mintaqasining barqaror va izchil rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan, — dedi Rossiya rahbari.
TASSning yozishicha, mamlakatlar o‘rtasidagi shartnoma “mudofaa, terrorizmga qarshi kurash, energetika, moliya, transport, sanoat, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, fan va texnologiyalarni o‘z ichiga olgan barcha sohalarni qamrab oladi”. Eronning Rossiyadagi elchisi Kazem Jaloliy hujjat 47 moddadan iborat ekanini ma’lum qildi. Shartnoma matni rasman e’lon qilinmadi.
Hujjat Moskva va Tehron munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishi kerak: u ularning strategik sherik sifatidagi maqomini mustahkamlaydi. Shuningdek, shartnomada uzoq muddatli istiqbolda hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun huquqiy asoslar belgilangan, deyiladi xabarda.
Hujjat Rossiya KXDR va Belarus bilan mudofaa kelishuvlarini imzolaganidan ko‘p o‘tmay imzolandi. Eron rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Moskva bilan tuzilgan shartnoma harbiy ittifoq tuzish maqsadini ko‘zlamaydi, deya aniqlik kiritdi RBK.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar bungacha 2001-yilda imzolangan o‘zaro munosabatlar asoslari va hamkorlik tamoyillari to‘g‘risidagi shartnoma bilan rasmiylashtirilgandi. Har besh yilda u avtomatik ravishda uzaya boshlagan.