“Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan o‘zbekistonlik Salim Abduvaliyev Qirg‘iziston janubini nazorat qilgan, dedi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev.
Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda uyushgan jinoyatchilikning kuchayishi respublika boshqa mamlakatlardan kelgan jinoyatchilar hukmronligi ostida qolishiga sabab bo‘lgan.
Qamchibek Tashiyev.
Videodan kadr.
Tashiyev, o‘z navbatida, 2023-yil oktabr oyida Qirg‘izistondagi taniqli “qonundagi o‘g‘ri” Kamchi Kolbayev maxsus operatsiya vaqtida o‘ldirilgani haqida gapirib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tmishda uyushgan jinoyatchilik darajasi shunday bo‘lganki, jinoyatchilar “butun mamlakat bo‘ylab hokimiyatni egallab, davlatniki kabi boshqaruv tizimini yaratgan”.
“Ularda prezident — qonundagi o‘g‘ri va kuzatuvchilar bor edi. Ular viloyat, tuman, shaharlarda tadbirkorlardan pul yig‘ishgan. Kuchli tuzilma. Men qonun bo‘yicha o‘g‘rini yo‘q qilish haqida qaror qabul qilishga majbur bo‘ldim. Bilasizmi, davlat uchun. Va biz uni, keyinchalik uning sheriklarini va uyushgan jinoiy guruh (UJG)larning boshqa a’zolarini yo‘q qildik”, — dedi u.
Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakat UJGdan xoli. “[Qirg‘iziston] Markaziy Osiyoda, hatto postsovet davlatlari orasida ham UJG mavjud bo‘lmagan yagona davlatdir. Hozir tadbirkorlar hech kimga avvalgidek pul to‘lamaydi. Biz UJGni yo‘q qilganimizdan so‘ng dastlabki vaqtlarda tadbirkorlar hatto kimga pul to‘lash kerakligini ham qidirib qolishdi. Hatto bizning oldimizga ham kelishdi”, — dedi u.
“Mamlakatimizni boshqa jinoiy yetakchilarga bo‘ysundira boshlashdi. „Salimboyvachcha“ mamlakatimiz janubini to‘liq nazoratga oldi. Janubda barcha uyushgan jinoyatchilar yetakchilari, yirik biznesmenlar, hatto siyosiy arboblar va parlament deputatlari ham uning oldiga borardi. Uning aytganlarini bajarardi”, — dedi u. Tashiyev endi mamlakat o‘z-o‘zidan rivojanishini qo‘shimcha qildi.
2024-yil mart oyida 6 yilga qamalgan tadbirkor Salim Abduvaliyev 12-yanvar kuni sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli ozodlikka chiqqan. Uni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi 2024-yil avgust oyida Interpol orqali qidiruvga bergandi. Abduvaliyev uyushgan jinoiy guruh faoliyatini moliyalashtirishda gumonlangan.