Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 27-dekabr kungi buyrug‘i bilan “Qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari uyushgan bozorida oldi-sotdi bitimlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom” tasdiqlandi.

Nizom qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari uyushgan bozorida aksiyalar, korporativ, infratuzilmaviy obligatsiyalar va hosilaviy qimmatli qog‘ozlarning muomalada bo‘lish tartibini belgilaydi.

Birjadan tashqari savdo tizimi (BTST) — qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari tomonidan tashkil etiladigan, qimmatli qog‘ozlarni sotib olish va sotish buyurtmalarini yig‘ish hamda bajarilishini ta’minlaydigan birjadan tashqari elektron savdo tizimi.

Qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari uyushgan bozorida qimmatli qog‘ozlar bilan bitimlarni tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish elektron shaklda amalga oshiriladi.

Birjadan tashqari savdolar tashkilotchisi o‘z mijozlariga quyidagi xizmatlarni ko‘rsatadi:

  • yuridik va jismoniy shaxslardan qimmatli qog‘ozlarni sotib olish va sotishga buyurtmalarni qabul qilish;
  • qimmatli qog‘ozlar savdosini tashkil etish;
  • qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan mulk huquqlarini o‘tkazishni rasmiylashtirish;
  • qimmatli qog‘ozlar bilan bitimlarni ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • BTSTda muomalada bo‘lgan qimmatli qog‘ozlar kotirovkasi haqida ma’lumot berish;
  • qimmatli qog‘ozlar bilan bitimlar bo‘yicha o‘zaro majburiyatlarni aniqlash va hisobga olish (kliring).

Hujjatda quyidagilar belgilangan:

  • mijozlarni BTSTda ro‘yxatdan o‘tkazish, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmati faoliyati, qimmatli qog‘ozlar savdosini tashkil etish tartiblari;
  • birjadan tashqari savdo tashkilotchisi va mijozning huquq va majburiyatlari;
  • birjadan tashqari treyderlarning javobgarligi va hisoboti.

Birjadan tashqari savdolar tashkilotchisi va xizmat ko‘rsatuvchi depozitariy o‘rtasidagi hamkorlik qilish shartlari hamda tartibi qonunchilik hujjatlari va ular o‘rtasidagi shartnoma bilan tartibga solinadi.

Birjadan tashqari savdolar tashkilotchisi, xizmat ko‘rsatuvchi depozitariy va mijozning investitsiya vositachisining elektron hujjatlarni qabul qilish va yuborish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Savdoga qo‘yilgan qimmatli qog‘ozlarning mavjudligini ta’minlash va hisobga olish xizmat ko‘rsatuvchi depozitariy tomonidan amalga oshiriladi, ro‘yxatdan o‘tkazilgan mijozlarning pul mablag‘lari hisobi va saqlanishi esa birjadan tashqari savdolar tashkilotchisi tomonidan amalga oshiriladi.

Birjadan tashqari savdolar tashkilotchisi qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organiga har oyning birinchi ish kunida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bitimlarning hisob registridan ko‘chirma taqdim etadi.

Birjadan tashqari savdolar tashkilotchisi, xizmat ko‘rsatuvchi depozitariy va mijozning investitsiya vositachisi mijozga yetkazilgan haqiqiy zarar, shuningdek o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida mijozning ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) uchun to‘liq moddiy javobgar bo‘ladi.

Birjadan tashqari savdolar tashkilotchisi, xizmat ko‘rsatuvchi depozitariy va mijozning investitsiya vositachisi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ularning tasarrufida bo‘lgan ma’lumotlarning xavfsizligi va maxfiyligi hamda ularning oshkor qilinishi natijasida yetkazilgan barcha zararlarni qoplash uchun javobgar bo‘ladi.