16-yanvar kuni Turkiya hududida qalbaki spirtli ichimlik iste’moli oqibatida yana 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi, ularning barchasi erkak, deb xabar bermoqda Istanbuldagi Bosh konsulxona.
14-yanvar kuni 6 nafar, 15-yanvar kuni esa 4 nafar o‘zbekistonlik zaharlanish oqibatida vafot etgandi, shu tariqa ularning umumiy soni 14 tani tashkil qilmoqda.
17-yanvar holatida qalbaki spirtli ichimlik iste’moli tashxisi bilan Turkiya bo‘ylab kasallanganlar soni 88 nafarni tashkil etib, shundan 37 nafari vafot etgan. Ushbu qurbonlar orasida mahalliy aholi vakillari va boshqa millat vakillari ham mavjud, deyiladi xabarda.
Istanbul hokimligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, mahalliy huquq-tartibot idoralari 2025-yil 16-yanvar kuni Istanbul shahrida 32 862 litr noqonuniy metil va etil spirtli ichimliklarni musodara qilgan.
Tadbirlar Sultangazi, Fatih, Bakirko‘y, Kuchukchekmeje, Chatalja, Esenyurt, Zeytinburnu va Beykoz tumanlarida o‘tkazilib, 9 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Tekshiruvlar chog‘ida 227 shisha soxta ichimlik va distillash uskunasi ham topilgan. Qo‘lga olinganlardan 3 nafari politsiyadagi so‘roqlardan so‘ng qo‘yib yuborilgan bo‘lsa, 6 nafarining tergovi davom etmoqda.
Bosh konsulxona diplomatlari Istanbul shahridagi shifoxonalarning jonlantirish bo‘limlarida qalbaki spirtli ichimlikdan zaharlanish oqibatida davolanayotgan fuqarolarning holidan xabar oldi. Ularning 3 nafarining ahvoli og‘ir, deyiladi xabarda, ammo necha kishi kasalxonada qolayotgani haqida ma’lumot yo‘q.