Toshkent shahri Yangihayot tumanida 15-yanvar kuni tonggi soat 7:30 da ko‘chadan chaqaloq topib olindi. Bu haqda “Millar” xabar berdi.
Bozor xalta ichiga solingan chaqaloqni ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqaro topib olgan va u darhol tez yordam hamda ichki ishlarga qo‘ng‘iroq qilgan.
“Biz tumanning Yo‘ldosh-15 dahasida yashaymiz. Bu ko‘chadagi kameralar ikki yildan beri ishlamaydi. Agar ular ishlaganida go‘dakni kim tashlab ketganini darhol aniqlagan bo‘lardik”, — deydi murojaatchilardan biri.
Ma’lum qilinishicha, tez tibbiy yordam xodimlari voqea joyiga yetib kelib, chaqaloqqa birinchi yordam ko‘rsatgan va u 13-sonli shahar shifoxonasiga olib ketilgan.
“Biz chaqiruv joyiga borganimizda oq sumkaga qizil adyolga o‘ralgan holda yangi tug‘ilgan qiz chaqaloq tashlab ketilgani aniqlandi. Uning kindigi noodatiy tarzda kesilgan. Tug‘ilganiga bir yoki yarim soat bo‘lgan”, — deb ta’kidladi tez tibbiy yordam shifokori Umar Odilov.
Ayni paytda chaqaloq shifokorlar nazorati ostida. Bolaning ahvoli barqaror deb baholanmoqda. “Odamlar befarq bo‘lmasdan, darhol tegishli organlarga xabar berganidan xursandmiz”, — deydi shifokor.
IIV JXD axborot xizmati xodimi Suhrob Shomansurovning qayd etishicha, hozirda holat yuzasidan Yangihayot tumani ichki ishlar organi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.