14-yanvar kuni soat 23:15 da Samarqand viloyati hududida Ziyovuddin va Navoiy stansiyalari o‘rtasidagi 3872 kilometrlik yo‘lda 772-sonli Toshkent — Buxoro yo‘nalishidagi Afrosiyob tezyurar poyezdi bilan bog‘liq hodisa yuz berdi, deb xabar qildi “O‘zbekiston temir yo‘llari” axborot xizmati.

Temiryo‘lga noma’lum shaxslar tomonidan beton shpal qo‘yib ketilgan bo‘lib, bu holat favqulodda tormozlashni talab etgan.

“Mashinistlarning professional harakatlari tufayli jiddiy oqibatning oldi olindi va yo‘lovchilar xavf ostida qolmadi”, — deyiladi xabarda.

Poyezd to‘xtatilgach, texnik brigada tomonidan zudlik bilan tekshirildi. “Ma’lum darajada shikastlanganiga qaramay, poyezd keyingi harakatlanish uchun xavfsiz deb topildi va o‘z yo‘nalishini davom ettira oldi”. Poyezd Buxoro vokzaliga soat 01:27 da — 1 soat 24 daqiqa kechikish bilan yetib keldi.

Voqea joyiga “Ziyovuddin” temiryo‘l masofasi mutaxassislari, Buxoro mintaqaviy uzeli va transport xavfsizligini ta’minlash xizmati xodimlari darhol yetib keldi. Voqea sabablari va holatlari tekshirilmoqda, deb ta’kidlanadi xabarda.

Temiryo‘l kompaniyasi “Gazeta.uz” so‘roviga javob qaytarib, poyezdda 133 nafar yo‘lovchi bo‘lganini ma’lum qildi.