Isroil hukumati yakshanba kuni kuchga kirishi kutilayotgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilishni nazarda tutuvchi bitimni ma’qulladi. Olti soatdan ko‘proq davom etgan hukumat yig‘ilishida 24 nafar vazir yoqlab, 8 nafari qarshi ovoz berdi, deb yozmoqda Reuters.

“Hukumat garovga olinganlarni qaytarish asoslarini tasdiqladi. Uning tartibi yakshanba kuni kuchga kiradi”, — deyiladi Netanyahu idorasining qisqacha bayonotida.

Agentlikning ta’kidlashicha, G‘azoda Isroil harbiy samolyotlari o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga erishilganidan keyin ham kuchli hujumlarni davom ettirgan. G‘azodagi shifokorlarning aytishicha, shanba kuni ertalab Isroilning havo hujumi oqibatida anklav janubidagi Xon Yunusda besh kishi halok bo‘lgan.

Bu kelishuv e’lon qilinganidan beri Isroil bombardimonidan halok bo‘lgan falastinliklar sonini 119 nafarga yetkazdi, deyiladi xabarda.

Kelishuv uch bosqichda amalga oshiriladi: birinchi bosqichda, kelishuvga ko‘ra, HAMAS 33 nafar garovga olinganlarni ozod qilishi, Isroil esa bir yarim mingdan ortiq falastinlik mahbuslarni qamoqdan chiqarishi kerak. Garovga olingan isroilliklarning ilk 3 nafari 19-yanvar kuni ozod qilinishi kutilmoqda.

Shuningdek, Isroil harbiylari G‘azo sektorining aholi zich joylashgan hududlarini asta-sekin tark etishi kerak. Bu harakatlar 42 kun davom etadi. Bitimning ikkinchi bosqichi Isroil qo‘shinlarini to‘liq olib chiqishni nazarda tutadi, ammo uning shartlari hali kelishilmagan, muzokaralar davom etmoqda. 17-yanvar kuni ertalab Isroil bosh vaziri ofisi bitim tuzilganini rasman tasdiqlagan.

Uchinchi bosqich esa halok bo‘lgan garovdagilarning qolgan jasadlarini qaytarish va Misr, Qatar hamda BMT nazorati ostida G‘azo hududini qayta tiklashni boshlashga bag‘ishlanadi.