Toshkent metropolitenida 17-yanvar kuni 19 yoshli yigit o‘zini poyezd ostiga tashladi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, shu kuni soat 22:40 da Qo‘yliq yo‘lining Turon — Do‘stlik yo‘nalishida harakatlanayotgan elektropoyezd “Olmos” bekatiga kirib kelayotganda yigit o‘zini uning ostiga tashlagan.

Bekatda xizmat olib borayotgan naryad xodimlari jabrlangan fuqaroni vagon tagidan chiqarib olgan. Yigit tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida shifoxonaga yuborilgan.

Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi Bosh prokuratura tomonidan taqdim etilgan axborotda.