Toshkentda 15-yanvar kuni giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishga qaratilgan “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi boshlandi.
Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, bunday jinoyatlar darajasi hamon yuqoriligicha qolmoqda. Ularning alohida xavfi shundaki, taqiqlangan moddalar, ayniqsa yoshlar orasida keng tarqalmoqda, ularning ko‘pchiligi bu moddalarni iste’mol qilish qanday oqibatlarga olib kelishini anglamaydi, deb ta’kidladi boshqarma matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga bergan izohida.
Yangi turdagi narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning paydo bo‘lishi, shuningdek, ularni targ‘ib qilish va tarqatishning yangi usullari vaziyatni murakkablashtirmoqda. Yangi texnologiyalar “sotuvchilar” va “xaridorlar”ga bevosita muloqot va o‘zaro aloqasiz to‘lov operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beradi.
2024-yil davomida Toshkent shahrida ushbu jinoyatlar bo‘yicha 3447 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularning aksariyati — 2413 tasi yoki 70 foizi internet orqali sodir etilgan.
O‘tkazilgan tadbirlar natijasida bir yil ichida 238 kg 815 g giyohvandlik vositalari (sintetik va o‘simlik), psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hamda preparatlar musodara qilindi.
“Narkograffiti”ning (giyohvand moddalar onlayn-do‘konlari reklamasi) 7162 ta holati aniqlandi. Giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi va ularni targ‘ib qiluvchi ijtimoiy tarmoqlardagi 13 mingdan ortiq guruh va kanallar yopildi.
Huquqni muhofaza qilish organlari bir oy davomida kecha-kunduz ishlaydigan kunduzgi va tungi maxsus guruhlarni tashkil etadi. Sovuq qurol va boshqa taqiqlangan narsalarni olib yurish, giyohvandlik vositalarini tarqatish (“zakladka”lar), “narkograffiti” kabi holatlarni aniqlashga qaratilgan tungi reydlar kuchaytiriladi.
Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali giyohvand moddalarni sotish holatlarini aniqlash, uyushgan jinoiy sxemalarni fosh etish va yoshlar orasida taqiqlangan moddalar tarqalishining oldini olish bo‘yicha manzilli tezkor-profilaktik tadbirlar rejalashtirilgan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari poytaxtdagi barcha 468 ta maktab va 90 ta oliy ta’lim muassasasi hamda 585 ta mahallada uchrashuv va suhbatlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Jinoyat haqida qayerga xabar berish kerak?
IIBB giyohvandlik vositalari yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni tarqatishga aloqador shaxslar, shuningdek, giyohvandlik vositalari onlayn-do‘konlari reklamasi haqida ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolarni 71−206−44−79 telefon raqami yoki @stopnarko_bot Telegram boti orqali xabar berishga chaqirdi. Ariza beruvchining shaxsi sir saqlanadi.