O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi “Gazeta.uz”ga “Ijtimoiy karta” tizimini ishlab chiqish va joriy etish uchun xususiy sherik tanlash borasida izoh berdi.

Avval xabar qilganimizdek, agentlik o‘tgan yil oxiridan ijtimoiy kartalarni berishni boshlagan — ular hozircha Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida sinov tariqasida joriy etilmoqda.

Jarayonni tartibga soluvchi hukumat qaroriga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimni ishlab chiqish va joriy etish uchun BAAdagi Oxinus Holding Limited kompaniyasi (Sirius Holding sho‘ba korxonasi) bilan shartnoma tuzdi. Hamkorlik yaratish, sinovdan o‘tkazish, sanoat miqyosida foydalanish va tizimni takomillashtirish bosqichlarini o‘z ichiga oladi.

Ushbu kompaniyada O‘zbekiston vakillari ham faoliyat yuritmoqda. LinkedIn ma’lumotlariga ko‘ra, uzoq yillar davomida Markaziy bank va Moliya vazirligida turli lavozimlarda ishlagan, shuningdek, “Ipoteka bank” boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Farrux Botirov uch oy avval Oxinus Holding Limited kompaniyasida bosh menejer lavozimida ish boshlagan.

Ijtimoiy karta mamlakat rezident banklari (“Xalq banki” va “Aloqabank”) tomonidan chiqariladigan Visa-kartalar asosida tayyorlanadi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Visa asosidagi ijtimoiy karta O‘zbekistonning barcha terminallarida, ularning turidan qat’i nazar, tovarlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, u butun dunyo bo‘ylab to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatini taqdim etadi.

Tijorat banklari bankomatlari orqali naqd pul yechib olish uchun vositachilik haqi miqdori summaning ko‘pi bilan 1 foizini tashkil etadi. 2022-yildan boshlab ijtimoiy to‘lovlar va nafaqalarni oluvchilarning muayyan toifalariga naqd pulga aylantirish vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xarajatlarni qoplash uchun to‘lovlar summasining 1 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov hisoblanadi.

Visa (p2p) ijtimoiy kartalari o‘rtasidagi o‘tkazmalar bo‘yicha komissiyalar ham respublika bo‘yicha o‘rtacha stavkalardan oshmaydi, deya ta’kidladi agentlik. Ijtimoiy karta orqali tovarlar va xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirishda ijtimoiy to‘lovlarni oluvchilardan qo‘shimcha komissiya undirilmaydi. Barcha to‘lov tizimlari, shu jumladan mahalliy to‘lov tizimlari uchun ko‘zda tutilganidek, barcha xarajatlarni sotuvchi to‘laydi.

Agar naqd pul yechib olish uchun komissiya 1 foizdan oshsa yoki ijtimoiy kartadan foydalangan holda tovarlar/xizmatlarni xarid qilishda qo‘shimcha to‘lov undirilsa, fuqarolar bu haqda 1140 yoki 1070 telefonlari orqali xabar berishlari mumkin.

Loyiha budjeti va operatori

Agentlik xabariga ko‘ra, dastlabki bosqichda loyiha Abu-Dabida joylashgan Oxinus Holding Limited kompaniyasidan 3 million dollar miqdorida sarmoya olgan. Kompaniya raqamli to‘lovlar va transformatsiya uchun apparat va dasturiy yechimlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan.

“Oxinus Holding Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikada faoliyat yuritadi, ushbu hududlarda raqamli to‘lovlar, daromadlarni optimallashtirish va raqamli transformatsiya yechimlari kabi loyihalarni boshqaradi. Bundan tashqari, Oxinus turli xil biznes muammolarini hal qilishga mo‘ljallangan foydalanishga tayyor dasturiy mahsulotlarning to‘liq to‘plamini taklif qiladi. Kompaniyaning bir nechta sho‘ba korxonalari ham mavjud, jumladan, O‘zbekistonda bitta”, — deyiladi xabarda.

Davlat organining ma’lum qilishicha, operator va loyihaning boshqa ishtirokchilari loyiha ofisi tomonidan ishlab chiqiladigan texnik talablar asosida tanlanadi. “Gazeta.uz” xususiy sherik tanlashda tanlov o‘tkazilgani yoki o‘tkazilmagani haqida ma’lumot ololmadi.

Ijtimoiy kartadan kartani chiqargan bankning mobil ilovasi orqali foydalanish mumkin (sinov bosqichi doirasida bu “Xalq banki”). Yaqin oylarda maxsus “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi ishga tushiriladi, u karta funksionalligini oshiradi (u orqali shaxsiy hujjatlar — pasport, haydovchilik guvohnomasi va boshqalarni ham taqdim etish mumkin bo‘ladi) va dasturdan foydalanishni soddalashtiradi. Ilovani ishga tushirish sanasi haqida qo‘shimcha xabar beriladi.