Xorazmning Urganch shahridan Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumaniga yangi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Jo‘qorg‘i Kenges xabariga ko‘ra, qatnovlar Amudaryo ustidan o‘tuvchi yangi ko‘prikda amalga oshiriladi. Jarayon 20-yanvardan boshlanishi rejalashtirilgan.
Poyezd qatnovi har kuni Urganchdan soat 6:00 da, Qo‘ng‘irotdan soat 13:24 da harakatlanadi, deyiladi kenges axborotida.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 29-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumaniga borib, 423 metrli yangi ko‘prikni ochib bergandi.
Ko‘prik ikki tarafga qarab 24 juft poyezdni o‘tkazish imkoniyatiga ega, bu orqali temiryo‘l masofasi 180 kilometrga, yuk tashish tezligi esa 6 soatgacha qisqaradi.
Bu esa mahalliy yuklarni tashish hajmini yiliga 2 barobarga oshirish, tashish tannarxini 2 barobarga kamaytirish imkonini beradi. Ushbu temiryo‘l orqali Qozog‘iston va Rossiyaga ham yangi yo‘nalishlar ochiladi.