Turkiya hududida qalbaki spirtli ichimlik iste’mol qilish oqibatida yana uch nafar O‘zbekiston fuqarosi (barchasi erkak) vafot etdi. Bu haqda Istanbuldagi Bosh konsulxona xabar qildi.
18-yanvar holatiga ko‘ra, spirtli ichimlikdan zaharlanish sababli vafot etgan fuqarolarning umumiy soni 17 nafarga yetdi.
Bosh konsulxona tomonidan vafot etganlarning jasadlarini O‘zbekistonga yuborish uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirilmoqda hamda oila a’zolariga kerakli yordam ko‘rsatilmoqda, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Istanbul hududidagi shifoxonalarning jonlantirish bo‘limlarida davolanayotganlar soni 5 nafarga yetdi.
Bosh konsulxona diplomatlari mazkur holat yuzasidan Istanbul hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, sud-tibbiy ekspertiza markazi hamda huquqni muhofaza qilish organlari bilan muntazam aloqada ekani qo‘shimcha qilindi.