O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha mamlakat terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Angliyaning “Manchester Siti” klubi safiga o‘tayotgani haqida gapirdi. Mamlakat rahbarining bu bo‘yicha Abu Dabi valiahd shahzodasi Shayx Xolid ibn Muhammad Ol Nahayon bilan suhbatidan qisqa lavha “Menimcha” ko‘rsatuvida efirga uzatildi.

Lavhada Abu Dabi valiahd shahzodasi O‘zbekiston prezidenti bilan suhbatda Abduqodir Husanovning transferi haqida gap ochgani, Shavkat Mirziyoyev esa bunda xabari borligi va juda xursand bo‘lganini ta’kidlaganini ko‘rish mumkin.

Shayx Xolid ibn Muhammad Ol Nahayon esa futbolchi haqida gapirib, uni “juda tez yigit, kuchli yigit, qo‘rqmas”, deb atadi.

Shuningdek, Abu Dabi valiahd shahzodasi O‘zbekiston prezidentiga “uchqur o‘g‘lon, professional futbolchi ulg‘aytirgan” o‘zbek xalqiga hurmatini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 11-yanvar kuni mashhur futbol jurnalisti Fabritsio Romano “Lans” klubi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti” klubiga transfer qilinganini e’lon qildi. O‘zbekistonlik futbolchi APL jamoasiga 40 mln yevroga sotilgan.

Avvalroq “Gazeta.uz” tahririyati 2024-yil yozida O‘zbekiston terma jamoasining Parij Olimpiadasiga yo‘l olishi tarixi haqidagi hujjatli filmni tayyorlash jarayonida terma jamoa a’zosi Abduqodir Husanovdan olingan intervyuni e’lon qilgandi.