Angliya Premer ligasining “Manchester Siti” klubi o‘zining rasmiy sahifalarida Abduqodir Husanov transferini e’lon qildi.

Avvalroq futbol jurnalisti Fabritsio Romano, Abduqodir APL klubi bilan 2029-yil iyunigacha mo‘ljallangan shartnoma imzolaganini ma’lum qilgandi. Kelishuvni yana bir yilga uzaytirish imkoniyati bo‘ladi. Klub o‘zbekistonlik futbolchini “Lans”dan 40 million yevroga sotib oldi.

абдuқодир ҳuсанов, апл, манчестер сити

20 yoshli futbolchi APLda o‘ynaydigan ilk o‘zbek futbolchisi bo‘ldi.

Husanovning karerasi

Husanov faoliyatini O‘zbekistonning “Bunyodkor” klubi akademiyasida boshlagan, biroq, murabbiylarning fikricha, u juda “kichik va kuchsiz” bo‘lgan. 2022-yilda u Belarusning “Energetik-BGU” klubiga o‘tgan va u yerda tezda asosiy o‘yinchiga aylangan.

2023-yilda Husanov O‘zbekiston terma jamoasi bilan turnir davomida faqat bitta gol o‘tkazib yuborib yoshlar o‘rtasidagi (U-20) Osiyo kubogida g‘olib chiqqan. U dunyoning eng istiqbolli himoyachilari ro‘yxatiga kiritilgan. Keyinchalik u asosiy terma jamoa a’zosiga aylandi.

O‘sha yili “Lans” Husanovni ramziy 100 ming yevro evaziga jamoasiga qo‘shib oldi. Debyut mavsumida u Liga 1 da 11 o‘yin o‘tkazdi, Chempionlar ligasida ikki marta, jumladan, “Arsenal”ga qarshi o‘yinda maydonga tushdi.

Fransuzlarning asosiy markaziy himoyachisi Kevin Dansoning sog‘lig‘idagi muammolar tufayli Husanov “Lans”ning asosiy o‘yinchisiga aylandi. Uning ishonchli o‘yinlari jamoaga Liga 1 dagi eng yaxshi himoyalardan biri bo‘lishga yordam berdi (16 o‘yinda klub 15 ta gol o‘tkazib yubordi, faqat PSJda kamroq — 14 ta).

Avvalroq “Gazeta.uz” tahririyati 2024-yil yozida O‘zbekiston terma jamoasining Parij Olimpiadasiga yo‘l olishi tarixi haqidagi hujjatli filmni tayyorlash jarayonida terma jamoa a’zosi Abduqodir Husanovdan olingan intervyuni e’lon qilgandi.