Toshkent viloyati va shahrida atmosfera havosiga zarar yetkazayotgan 46 ta issiqxonaning faoliyati to‘xtatildi, deya xabar berdi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmati.
Ifloslantiruvchi moddalar chiqindilari me’yoridan oshib ketishining sabablarini aniqlashga qaratilgan tadqiqotlar Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray, Toshkent tumanlarida hamda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Bektemir va Olmazor tumanlarida olib borildi.
Toshkent shahri va viloyatini ajratib turuvchi Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab Eshonguzar aholi yashash punktidan Toshkent pediatriya tibbiyot institutigacha bo‘lgan 9 ta nuqtada ko‘chma laboratoriya yordamida havoning ifloslanish darajasi tahlil qilindi. Natijada PM-2,5 va PM-10 ifloslantiruvchi moddalar miqdori 0,05 mg dan 540 mg gacha ko‘tarilgani aniqlandi.
Faoliyat yuritayotgan 440 ta issiqxonadan 46 tasi mavsumiy bo‘lib, qozonxonaga ega emas (Zangiota tumanida 16, Qibray tumanida 10, Toshkent tumanida 4, Yunusobod tumanida 11, Mirzo Ulug‘bek tumanida 5 ta).
Natijada 37 ta issiqxona egasiga jarima solindi, 46 ta issiqxonaning faoliyati to‘xtatildi. 426 ta issiqxona egalariga chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish zarurligi, shuningdek, rezina va boshqa chiqindilardan yoqilg‘i sifatida foydalanish taqiqlangani haqida ogohlantirish berildi.
Avvalroq xabar qilinganidek, mayda PM-2,5 zarrachalari bilan ifloslangan havodan uzoq vaqt nafas olish bolalarda ham, kattalarda ham astma xavfini oshiradi. 2019-yilda dunyodagi astma holatlarining deyarli uchdan bir qismi PM-2,5`ning uzoq muddatli ta’siri bilan bog‘liq bo‘lgan.