Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2024-yilning mart oyida Kanada o‘zbekistonliklarga 5 ming bo‘sh ish o‘rni taklif etayotgani haqida xabar bergandi. Kanada ish beruvchilari bilan erishilgan kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari qurilish, xizmat ko‘rsatish va texnik sohalarga ishga taklif qilingan. Nomzodlar 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lishi, ingliz, fransuz yoki ispan tillaridan birini bilishi, qurilish kasb-ta'limi mutaxassisligi bo‘yicha guvohnoma, sertifikat yoki diplomli bo‘lishi zarurligi, ish haqi esa soatiga 12,5 AQSh dollaridan 30 AQSh dollarigacha to‘lanishi ta’kidlangan.
2025-yil 17-yanvar kuni AOKAda Migratsiya agentligi rahbariyati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu vaqtgacha qancha o‘zbekistonlik Kanadaga ishga yuborilgani haqidagi mavzu ham ko‘tarildi, deya xabar qilmoqda “Gazeta.uz” muxbiri. Agentlik direktori o‘rinbosari Azimjon Husanovning so‘zlariga ko‘ra, Kanada tomoni ishlashga nomzodlarga qat’iy talablar qo‘ygan.
“Men o‘zim Kanadada o‘qiganman, ishlaganman va yashaganman. Bilasiz, malakali kadr bo‘lsa, bizning yordamimizsiz yoki konsalting xizmatiga bormasdan ham o‘zi bemalol ro‘yxatdan o‘tib, immigratsion vizalariga topshirsa bo‘ladi. Lekin, [agentlikka ishga kelganimizdan so‘ng] surishtirdik, kim bilan qanday shartnomalar qilingan, nimalar va’da qilingan? [Kanada bo‘yicha] shartnoma shartlarida [ishga boruvchilarga] shu darajada qattiq talablar qo‘yilganki, oddiy misol — santexnik uchun oliy ma’lumot va 7,5 IELTS talabi qo‘yilgan…”, — deydi agentlik rasmiysi.
Foto: AOKA
“Mana, Germaniya ham boshida shunday talablar qo‘ygan edi. Til bilish bo‘yicha C1 sertifikatini so‘ragan, o‘zaro kelishuvlardan keyin bu B2 darajasigacha tushdi, hozir esa talabni B1 gacha tushirishga harakat qilyapmiz. Kanada bilan ham xuddi shunday. Kanada bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, tezroq ish yuritolmayotganimizning yagona sababi — u yerda vakolatxonamiz yo elchixonamiz yo‘q”, — deydi Husanov.
Migratsiya agentligi axborot xizmatining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, 2024-yilgi e’lon bo‘yicha Kanadada ishlashga 35 ming o‘zbekistonlik qiziqish bildirgan. Shundan 100 nafari agentlik tomonidan saralanib, ularning nomzodi Kanada tomoniga taqdim etilgan. Ammo 100 nomzodning barchasi rad etilgan.
“Agentlikning yangi rahbariyati 2025-yilning birinchi qismida Kanada va shu kabi bir qator iqtisodiy rivojlangan hamda ish o‘rinlari mavjud davlatlardagi ish beruvchilar bilan muloqotlar o‘tkazish, ularning talablari va sharoitlari bilan tanishishni rejalashtirmoqda”, — deyiladi agentlik axborotida.
Ma’lumot uchun, Kanadaning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi elchisi Alan Hemson 2024-yil iyunida “Kun.uz"ga bergan intervyusida O‘zbekiston bilan migratsiya masalasida hech qanday kelishuv bo‘lmaganini aytgan edi.
“Elchilik vazifasiga tayinlanib, yanvar oyida ishonch yorlig‘ini topshirish uchun Toshkentga kelganimda hukumat vakillari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi rahbariyati bilan uchrashganman. Uchrashuvda ko‘plab masalalar muhokama qilingan. Biroq oradan biroz vaqt o‘tib, adashmasam mart yoki aprel oylarida, O‘zbekiston fuqarolarini Kanadaga ishga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishildi, degan xabarlar tarqaldi. Shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, bu gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Hozircha ikki o‘rtada bu masalada hech qanday kelishuv yo‘q”, — degandi Alan Hemson.
Avvalroq, O‘zbekistonda 2025-yilda Kanadada bosh konsulxona ochish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘lgan edi.