O‘zbekistonda 2024-yilda jami 6898 nafar shaxs tomonidan 5716 ta korrupsiyaga oid jinoyat sodir etilgan. Bu haqda Korrupsiya qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, 2023-yilga nisbatan korrupsiyaga oid jinoyatlar “Hududgazta’minot” AJ, Suv xo‘jaligi, mahalliy hokimliklar hamda bank sohasida kamaygan. Biroq oliy ta’lim, transport hamda qishloq xo‘jaligida oshgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohalarida korrupsiyaga oid jinoyatlar salmog‘i yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimida 2024-yilda 309 ta korrupsiyaga oid jinoyatlar hokim yordamchilari faoliyati bilan bog‘liq holda sodir etilgan.
Hududlar kesimida korrupsiyaga oid jinoyatlar Toshkent viloyatida,Toshkent shahrida va Samarqand viloyatida eng ko‘p sodir etilgan va aksincha, Buxoro hamda Xorazm viloyatlarida korrupsiyaviy jinoyatlar kam sodir etilgan.
Agentlikka 2024-yil davomida jami 4176 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga, viloyat maxalliy hokimliklarga 55 ta so‘rovnoma yuborilgan, qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 41 ta taqdimnoma kiritilgan, 7 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, shundan 1 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan, 19 ta qabul qilingan qarorlar bekor qilingan, 6 ta jinoyat ishi, 10 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan va mavjud xato-kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.
Bundan tashqari, agentlik tomonidan 327 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilib, natijalariga ko‘ra 327 ta loyihaning 71 foizida yoki 233 tasida 676 ta korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar aniqlangan va ularni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.