Respublika oliy ta’lim kengashi tanqidlarga va Dilmurod Artiqov bosh prokurorga yo‘llagan deputatlik so‘roviga qaramay, baribir xususiy oliygohlar kontraktdan tushadigan pullarining 4 foizini Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazib berishni istamoqda. Bu haqda iqtisodchi Yuliy Yusupov o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Iqtisodchining yozishicha, shu kunlarda Respublika oliy ta’lim kengashi xususiy oliy o‘quv yurtlari rahbarlarini yana bir bor yig‘ib, baribir pul to‘lashi kerak ekanini, hech qanday jamoatchilik noroziligi yoki deputatlar ularga yordam bermasligini, qarshilik esa “mafiya qonunlari bo‘yicha jazolanishini” ta’kidlagan. Shuningdek, yig‘ilishda imzolanishi va keyin pul o‘tkazilishi kerak bo‘lgan shartnomalar tarqatilgan.

“Nazoratsizlik va har ishga qodirlikdan butunlay aqldan ozgan bizning byurokratiyamiz hech qanday qonunlar, jamoatchilik fikri yoki deputatlar ularga buyruq berolmasligini va biznes ularning qonuniy o‘ljasi ekanini, buni qo‘yib yubormasliklarini, qaytanga faqat qattiqroq ushlashlarini namoyishkorona ko‘rsatmoqda”, — deya yozgan Yuliy Yusupov.

Profi University asoschisi Bektosh Hatamov bu xabarni eshitgach, darhol o‘z universiteti rahbarlari bilan suhbatlashganini yozdi.

“Bizga hozircha hech kim shartnoma bermabdi, hech kim chaqirmabdi ham. O‘zi kengashning qarorida ham xususiy universitet rahbarlarining 4 foizli to‘lov taklifi ma’qullansin deyilgan, bugun ham allaqanday xususiy universitet rahbarlari chaqirilib, bosim ostida shartnoma berildi deyishibdi. Shu rahbarlar kim? Men hech shu rahbarlar bilan uchrasha olmayapman-da, bu rahbarlar o‘zi bormi? Yo biz nimadirdir qolib ketyapmiz, yo biz tushunmaydigan ishlar bo‘lyapti”, — deya ta’kidlagan u.

U, shuningdek, agar xususiy universitetlar bu to‘lovni amalga oshirmasa, ularga nisbatan qanday rasmiy va norasmiy choralar ko‘rilishi mumkinligiga qiziqqan.

“Endi bir narsani aniqlab olaylik, hurmatli reketchilar! O‘zi „soliq“ solmoqchimisiz? Bu sizning tilingizda „dolya“ deyiladi, shu „dolya“ berilmasa, nima bo‘ladi? O‘ldirib yuborasizlarmi? 90-yillarga qaytamizmi? Agar shartnoma deb ayta olsak, o‘sha yuridik jihatdan bir tiyinga qimmat shartnomaga amal qilmasa, nima bo‘ladi? Osmon qo‘lingizda bo‘lsa, tashlab yuboring-e, shu boshimizga tushib o‘lib qolaylik. O‘zi bu „dolya“ xalqning ustiga qo‘yiladigan „dolya“, xususiy universitet pulni qayerdan oladi, shu talabadan oladi-da, talaba esa kimning farzandi? Shu xalqning farzandi. „Dolya“ talab qilayotgan kim? U ham shu xalqning ichidan chiqqan, shu xalqning farzandi, chetdan hech kim yo‘q”, — deb yozgan Bektosh Hatamov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Respublika oliy ta’lim kengashi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga to‘lov-kontrakt shaklida o‘qitishdan tushadigan mablag‘larning 4 foizini o‘tkazib berishi to‘g‘risidagi bayonni imzolagandi.

Bayon 29-noyabr kuni tasdiqlangan bo‘lib, unda majlis muhokama yuzasidan, jumladan, quyidagicha qarorlarga kelgani aytiladi:

  • Respublikada amalga oshirilayotgan ta’limga oid siyosatni qo‘llab-quvvatlash, zarur hollarda oliy ta’lim tashkilotlari va ularning talabalari manfaatini himoya qilish, ta’lim xizmatlari bozorida sog‘lom raqobatni ta’minlash maqsadida hamda davlat oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga 4 foiz miqdorida ajratmalar yo‘naltirilayotganini inobatga olib, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan moliya yili yakunida to‘lov-kontrakt shaklida o‘qitishdan tushadigan mablag‘larning mazkur mablag‘lar bo‘yicha moliya yili oxiriga qoldig‘ining 4 foiz qismini Respublika oliy ta’lim kengashiga yo‘naltirish amaliyotini joriy etish to‘g‘risidagi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlarining taklifini qo‘llab-quvvatlash;
  • Respublika oliy ta’lim kengashi bir hafta muddatda kengash va nodavlat oliy ta’lim tashkiloti o‘rtasida tuziladigan mazkur mablag‘larni yo‘naltirishni nazarda tutuvchi namunaviy shartnoma ishlab chiqishi va 2025-yil 25-yanvargacha barcha nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari bilan shartnoma rasmiylashtirilishi, shu kungacha shartnomada belgilangan mablag‘lar Respublika oliy ta’lim kengashiga kelib tushishini ta’minlashi;
  • Oliy ta’lim tashkilotlari rektorlarining 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili”da respublikada ko‘chat ekish, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash, “oliy ta’lim namunasi”ni yaratish maqsadida oliy ta’lim tashkilotlari rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilarining bir kunlik ish haqini “Yashil makon” umummilliy loyihasiga yo‘naltirish tashabbusini ma’qullash.

Ushbu bayon ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng, O‘zLiDeP deputati Dilmurod Artiqov Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri hamda bosh prokurorga so‘rov yubordi.

“Shuni alohida ta’kidlash lozimki, tadbirkorlik faoliyati erkinligi qonunlarimizga muvofiq kafolatlangan, hech bir tashkilot qonunga asoslanmay turib, tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan, nodavlat oliy ta’lim muassasalariga turli to‘lovlar joriy qilish vakolatiga ega emas”, — deyiladi partiya matbuot xizmati bergan xabarda.

Shuningdek, mazkur holat sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, oliy ta’lim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi habga aylantirish kabi islohotlarga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi ta’kidlangan.

Shu sababli deputat Dilmurod Artiqov oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri va bosh prokurordan respublika oliy ta’lim kengashining nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga to‘lov-kontrakt shaklida o‘qitishdan tushadigan mablag‘larning 4 foizini o‘tkazish bo‘yicha chiqarilgan bayonnomani qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish berish hamda o‘z nuqtai nazarini bayon etishini so‘radi.

29-dekabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati Respublika oliy ta’lim kengashi qarorlari majburiy kuchga ega emasligini ma’lum qilgandi.

Vazirlik kengash nodavlat notijorat tashkiloti sifatida faoliyat yuritishini va davlat funksiyalarini bajarmasligini ta’kidlagan. Kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga amal qiladi hamda faqat tavsiyaviy xarakterdagi takliflarni ishlab chiqadi, deyiladi xabarda.

“Har qanday mablag‘ bilan bog‘liq harakatlar va munosabatlar tegishli shartnomalar asosida amalga oshirilishi mumkin. Bunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik qonunchiligi shartnoma erkinligini kafolatlaydi. Kengash doirasida yoki qonunchilikka muvofiq bunday munosabatlarni majburlash uchun mexanizmlar mavjud emas. Shu bois, har qanday moliyaviy va huquqiy harakatlar tomonlarning ixtiyoriy kelishuvlari asosida amalga oshirilishi tabiiy holatdir”, — deyiladi bayonotda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarni nodavlat notijorat tashkilotning ichki ishi sifatida baholagan.

Shuningdek, vazirlik har qanday moliyaviy harakatlar yoki manfaatlar poymol etilishi holatlari bo‘yicha murojaatlar qabul qilishga va ularni belgilangan tartibda ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgandi. Barcha murojaatlar asosida tegishli choralar ko‘rilib, qonuniy manfaatlar himoya qilinishi ta’minlanishi aytilgandi.

Ijtimoiy tarmoqdagi munosabatlar

Mazkur bayonni e’lon qilgan iqtisodchi Yuliy Yusupovning o‘zi bu voqeaga munosabat bildirib, O‘zbekistonda yangi soliqlarni nafaqat Oliy Majlis, balki qayerdan kelgani va nima bilan shug‘ullanishi unchalik tushunarli bo‘lmagan har qanday davlat idorasi ham ancha oson — yig‘ilish bayonnomasi bandlari bilan ham kiritishi mumkinligini ta’kidlagan.

“Mamlakat emas, balki mo‘jizalar maydoni, sehrli chiroq, hech qanday cheklovlarni his qilmaydigan qudratli amaldorlar uchun bitmas-tuganmas ochil dasturxon. Pul kerakmi? Muammo yo‘q: uni qo‘l ostimizdagi auditoriyamizdan yig‘amiz. Agar kimdir qarshilik qilsa, tekshiruv yuboramiz va litsenziyasini olib qo‘yamiz”, — deb yozdi u.

Iqtisodchi bu voqeadagi yana ikkita jihatga e’tibor qaratgan:

“1. Soliq orqa sana bilan joriy qilinmoqda (bu soliqqa tortish tamoyillari nuqtai nazaridan bema’ni) — yil oxirida yil davomida olingan tushumlar bo‘yicha. Bu amaldorlarni odatiy reketlardan ajratib turadigan narsa. Ikkinchisi, moliyaviy yil oxirida o‘z xohish-istaklarini bildirmaydi, to‘lov stavkalarini oldindan belgilaydi. 2. Nodavlat universitetlarni talash bilan kimdir emas, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi shug‘ullanmoqda (Respublika oliy ta’lim kengashi ortida aynan u turadi). Innovatsiya, ta’lim, ilm-fan, Karl! Ya’ni nazariy jihatdan, innovatsion iqtisodiyotni yaratish uchun zarur bo‘lgan qulay sarmoyaviy muhitni yaratish haqida hammadan ko‘ra ko‘proq g‘amxo‘rlik qilishi va mamlakatda ta’lim rivojini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi lozim bo‘lgan boshqarma”, — deya ta’kidlagan Yuliy Yusupov.

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Respublika oliy ta’lim kengashi soliq yoki majburiy to‘lov joriy qilish vakolatiga ega emasligini ta’kidladi.

“Bu taklifni qaysidir nodavlat oliygoh rahbarlari bergan emish. Ya’ni „bizning pulimiz ko‘payib ketdi, shunga 4 foizini sizlarga beraylik“ deyishibdi. Bayonnomada aynan qaysi nodavlat OTM rektorlari bunaqa taklifni bergani haqida ma’lumot aytilmagan. Agar ular rostdan bor bo‘lsa, unda e’lon qilishsa, yaxshi bo‘lar ekan”, — degan u.

U bu bayonnoma hech qaysi OTMga hech qanday majburiyat yuklamasligini ta’kidlab o‘tgan.

“Bu bayonnomani pesh qilib, pul o‘tkazishni talab qilish, agar o‘tkazmasa, turli oqibatlar keltirib chiqarishi (masalan, litsenziyasini olib qo‘yishga ishoralar va h.k.) mutlaqo noqonuniy hisoblanadi. Bunday qilishga hech kimning haqi yo‘q (qog‘ozlarda har holda, amalda bilmadim endi). Shu sababli nodavlat oliygohlar kengashga 4 foiz pul o‘tkazishga majbur emasligini bilishi zarar qilmaydi. Unutmang, Respublika oliy ta’lim kengashining o‘zi nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi, qanaqadir davlatning vakolatli organi emas, kimgadir majburiyat yuklaydigan vakolati yo‘q”, — deya ta’kidlagan Xushnudbek Xudoyberdiyev.

“Garchi bayonnoma matnida majburiylik haqida gap ketmagan bo‘lsa-da, ammo bunday mazmunda qaror chiqarilishining o‘zi g‘alati. Bunday qarorlar kamida Biznes ombudsman hamda Adliya vazirligidan ekspertizadan o‘tishi kerak”, — deya qo‘shimcha qilgan u.

Xushnudbek Xudoyberdiyev, shuningdek, o‘qituvchilar maoshining bir qismi daraxt ekish, obodonlashtirish uchun o‘tkazilishi bo‘yicha bandga ham e’tibor qaratgan.

“2025-yil yurtimizda „Atrof-muhitni asrash va „yashil iqtisodiyot“ yili“ deb e’lon qilingani munosabati bilan ko‘chat ekish, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlariga oliy ta’lim tizimidagi rahbar hamda professor-o‘qituvchilarning bir kunlik ish haqini „Yashil makon“ umummilliy loyihasiga yo‘naltirish tashabbusi ma’qullanibdi. Bu tashabbusni kim bergan deysizmi? Albatta, yana o‘sha oliygoh rektorlari bergan emish. Qaysi rektorlar bu tashabbusni bildirgani ma’lum emas. Lekin agar shunaqa rektorlar rostdan bor bo‘lsa, unda nomard ekan. Agar o‘sha rektorlarni ko‘rib qolsam „Xohlasangiz o‘zingizning ish haqingizni 100 foizini o‘tkazib beravering, bu sizning ishingiz, lekin o‘qituvchilarning oyligiga ko‘z olaytirmang va birovning puliga xo‘jayinchilik qilmang“ degan bo‘lardim”, — deb yozgan u.

Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov bu voqea fonida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bu sohada litsenziya beruvchi tashkilot bo‘lib qolayotganiga e’tibor qaratdi.

“Albatta, bu „soliq“ / „o‘lpon“ noqonuniy — qonunchilikka muvofiq, har qanday majburiy to‘lovlar faqat parlament tomonidan qonun bilan kiritilishi kerak. Va, albatta, bu O‘zbekistonda biznes yuritish (farqi yo‘q, qaysi sohada — oliy ta’lim bo‘lishi shart emas) maqsadi bo‘lgan ichki yoki tashqi investor uchun yomon signal — istalgan tashkilot istalgan vaqtda bitta „protokol“ bilan o‘lpon joriy qila oladigan muhitda biznes yuritish — halol investor uchun juda katta risk”, — deb yozdi u.

Komil Jalilovning ta’kidlashicha, masalaning boshqa tomoni bunday to‘lov noqonuniy bo‘lgani bilan nodavlat OTMlar uning ustidan shikoyat qilishi dargumon ekanida hisoblanadi.

“Chunki nodavlat OTMlariga litsenziyani beradigan tashkilot — Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi. Vazirlik „o‘lpon“ to‘lashdan bosh tortgan va shikoyat qilgan nodavlat OTM ustidan biron bahona bilan litsenziyani bekor qilish bo‘yicha sudga murojaat qilmasligiga kafolat yo‘q. Shu paytda ena va qozi haqidagi sal qo‘polroq, lekin topib aytilgan xalq og‘zaki ijodi namunasi esga tushadi”, — deya ta’kidlagan u.

“Qizig‘i, bu protokol bilan faqat nodavlat OTMlariga „o‘lpon“ joriy qilinmagan. Protokol bilan OTMlar rahbarlari va professor-o‘qituvchilari oyligidan ham ushlab qolish rejalashtirilgan (16-bandga qarang). Aftidan, protokolni tuzganlar modomiki yuridik shaxslarga „o‘lpon“ joriy qila olar ekanmiz, nega jismoniy shaxslar oyligidan ham ushlab qola olmasligimiz kerak, deb o‘ylashgan shekilli. O‘zbekistonda qaysi organ soliq solish vakolatiga egaligini aniq-tiniq belgilab bergan Konstitutsiya buzilgandan keyin, xodimning oyligiga daxl qilishni taqiqlovchi Mehnat kodeksi nima bo‘libdi”, — deya qo‘shimcha qilgan ta’lim bo‘yicha ekspert.

Parlamentsiz solinayotgan soliq

Iqtisodchi Yuliy Yusupov xususiy universitetlardan mazkur to‘lovni baribir to‘lash so‘ralgani haqida yozganidan keyin moliyachi Otabek Bakirov o‘zining Telegram kanalida “Sal esdan chiqsin, bilganimizni qilamiz” sarlavhali post qoldirdi.

“Ixtiyoriy-majburiy tuzdirilayotgan shartnomalar haqida o‘tgan kuni universitet ochgan tadbirkorlar aytganda, to‘g‘risi, ishonmagandim. Kimgadir litsenziyasini tortib qo‘yish, kimgadir tekshirish uyushtirib bo‘yniga „ayb“ qo‘yish bilan tahdidlar bo‘lgan. Bu 2015-yildagi qip-qizil eski O‘zbekiston. O‘z ixtiyori bilan „shartnoma tuzib“, 4 foizli tovon to‘lamaganlarga qarshi bu ketishda reketchilar „maski shou“ uyushtirishsa ham kerak. Darvoqe, universitetlarga 4 foizli tovon bu yakuniy qaroqchilik emas. O‘tayotgan haftada oliy ta’lim subyektlari uchun investitsiya jalb qilish rejasi ham qo‘yilgan”, — deya yozgan Otabek Bakirov.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov esa bu narsa bir qarashda mayda yoki ta’limga nisbatan odatdagi cheklovdek tuyulishi mumkin bo‘lsa-da, aslida esa o‘ta katta narsa ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, bu fikrga davlatchilik, institutsional tiyib turuvchi vositalar va qonuniy tartib nuqtai nazaridan kelingan.

“Soliqlar bu zaruriy jamiyat xarajatlarini moliyalashtirish uchun oldindan kelishilgan holda va tartibda yig‘iladigan mablag‘lar. Jamiyatni ayrim ehtiyojlarini qondirish uchun pul yig‘ish kerak. Masalan, havo xavfsizligini ta’minlash uchun mablag‘ kerak — shunga o‘xshagan ommaviy tovarlarni moliyalashtirish uchun yig‘iladigan mablag‘lar — soliqlar deb ataladi. Bu pullarni yig‘ish tartibi ham, mexanizmini ham, ko‘lamini ham va eng muhimi ishlatilishini ham — parlamentlar belgilashi lozim va lobud”, — deydi iqtisodchi.

Behzod Hoshimov bu amaliyot unga Oliy Majlisdan tashqarida sodir bo‘layotgan soliqqa tortilish amaliyotidek ko‘rinayotganini ta’kidlagan.

“To‘g‘ri, bu millionlab insonlarni ta’limi uchun yomon ekanini va ta’lim sanoati uchun yomon ta’siri albatta ayanchli va aytilishi kerak bo‘lgan masala. Lekin ancha jiddiyroq qismi, mamlakatdagi tashkilotlarni majburiy to‘lov, ya’ni soliqqa tortilishi qonuniy manzil — Oliy Majlis orqali emas, qonun qabul qilib, soliq kodeksi orqali emas, bir yig‘ilishni protokoli orqali bo‘lishi ancha jiddiyroq masaladek ko‘rinyapti menga”, — deya yozgan iqtisodchi.

Behzod Hoshimov, shuningdek, sof soliqchilik tarafidan aylanma ya’ni “oborot” solig‘i — mavjud soliqlarni ichida iqtisodiyotga eng zararli turi ekanini eslatgan va o‘zining 2018-yilda “Gazeta.uz” uchun yozgan maqolasiga havola qoldirgan.