Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) Global ekologik fond (GEF) moliyaviy ko‘magida 6,5 million dollarlik ikkita xalqaro loyihani ishga tushirdi, ularni 2030-yilgacha amalga oshirish rejalashtirilgan, deb xabar berdi BMTTD matbuot xizmati.
Ushbu loyihalardan biri — “Biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha milliy strategiya va harakatlar rejasini va 7-milliy hisobotini yangilashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks dastur”.
Loyiha doirasida O‘zbekiston Global bioxilma-xillik asoslari va uning asosida ishlab chiqilgan yangi milliy maqsadlarga muvofiq yangilangan milliy strategiya va harakatlar rejasini tayyorlashi kutilmoqda.
Shunday qilib, ushbu loyiha bioxilma-xillikni muhofaza qilish, saqlash va tiklash sohasida uzoq muddatli davlat siyosatini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, bu barcha tomonlar: davlat tashkilotlari, biznes hamjamiyatlari va jamoatchilikning faol hamkorligini talab qiladi.
Ikkinchi yirik loyiha — “O‘zbekistonning yuqori qiymatga ega landshaftlarini muhofaza qilish va qayta tiklash bo‘yicha kompleks boshqaruv” loyihasi puxta ishlab chiqilgan va inklyuziv siyosat orqali ekotizimlarni tiklash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ekotizimlarni tiklash jarayonlarida innovatsiyalarni qo‘llash, va bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha samarali va barqaror moliyalashtirishni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishga qaratilgan.
Ushbu loyihani amalga oshirishdagi asosiy hamkorlardan biri 2024-yilda Toshkentda mintaqaviy vakolatxonasi rasman ochilgan Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqidir. Loyihaning tajriba hududlari G‘arbiy Tyan-Shan, Nurota tizmasi va Qo‘gitang landshaftlari hisoblanadi.
Tadbir ochilishida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov so‘zga chiqib, ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning nutqini o‘qib eshittirdi:
“G‘arbiy Tyan-Shan, Nurota va Qo‘gitang tog‘ tizmalaridagi ekotizimlarni mustahkamlash va bioxilma-xillikni saqlash tashabbuslari, shuningdek, bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha milliy strategiya va harakatlar rejasini ishlab chiqish bizning uzoq muddatli maqsadlarimizni belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqsadlar Global bioxilma-xillikni saqlash dasturi doirasidagi yondashuvlarga mos ravishda amalga oshiriladi”.
Tadbirda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii so‘zga chiqib, ushbu tashabbuslarning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi:
“O‘zbekiston o‘zining boy bioxilma-xilligi va noyob ekotizimlarini muhofaza qilish va tiklash bo‘yicha salmoqli chora-tadbirlar ko‘rmoqda. Biz BMT Taraqqiyot dasturi sifatida mamlakatning global biologik xilma-xillik maqsadlariga erishish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz. Ishonchimiz komilki, hukumat, fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilotlar hamkorligi O‘zbekistonning yosh avlodi uchun yashil kelajak yaratishda mustahkam poydevor qo‘yib, barqaror natijalar beradi”.