Malayziyaning Five Petroleum kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini ochishi mumkin, deb xabar bermoqda “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, “O‘zbekneftgaz” AJ raisi Bahodir Sidiqov yaqinda Five Petroleum bosh direktori bilan uchrashdi. Tomonlar Malayziya kompaniyasi brendi ostida yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini yaratishni muhokama qildi.
Yig‘ilishda mahsulot va xizmatlar sifatini oshirish uchun zamonaviy texnologiyalar va xalqaro standartlarni joriy etish masalalari ham muhokama qilindi. Five Petroleum kompaniyasi mamlakat hududlarida transport-logistika infratuzilmasini qurish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.
Bundan tashqari, kompaniyalar hamkorlikni mustahkamlash va O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika sektori uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan tashabbuslarni rivojlantirishga kelishib oldi.
O‘tgan yilning yozida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Five Petroleum Malaysia kompaniyasi asoschisi va bosh direktori King Lim Chin Fui bilan uchrashgandi. Tomonlar respublikadagi investitsiyaviy imkoniyatlar va Samarqand viloyatida loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilgan.
Malayziyalik tadbirkor kompaniya tomonidan ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan alyuminiy bankalarini yetkazib berishda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan salqin ichimliklar ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik o‘rnatishga tayyorligini bildirgan.
Shuningdek, Toshkent shahrida va keyinchalik boshqa hududlarda yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini yaratish va ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Five Petroleum brendi 2020-yilda tashkil etilgan. Hozirda kompaniya Malayziya bo‘ylab 110 dan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalarini boshqaradi. Kompaniya, shuningdek, 400 dan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalariga ega BHPetrol`ning 60 foiz aksiyalariga ega.