Germaniyaning SBH West GmbH kompaniyasi hamda Migratsiya agentligi va “Vatanparvar” tashkilotlari o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi, deya xabar bermoqda agentlik matbuot xizmati.
Ikki davlat migratsiya sohasida ilk bor amaliyotga tatbiq etilayotgan bu kelishuv natijasida 700 nafar haydovchi Germaniyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga yuboriladi.
Bunda fuqarolar yuk mashinalari, avtobus va lokomotiv haydovchisi sifatida O‘zbekiston hududida nemis tiliga o‘qitiladi va “Vatanparvar” tashkilotida kasbiy qayta tayyorlov kurslarida malaka oshiradi.
“Hozirgi vaqtda Germaniyada 80 mingga yaqin og‘ir yuk mashinalari haydovchilariga talab bor. Bu borada o‘zbekistonlik ishchilarning til o‘rganish jarayonlaridagi salohiyati va kasbiy o‘zlashtirish qobiliyati mamlakat ish beruvchilari tomonidan alohida e’tiborga olinmoqda”, — dedi SBH West GmbH kompaniyasi direktori Peter Niyemann.
Uning qo‘shimcha qilishicha, memorandum doirasida viza jarayonlaridan kelib chiqqan holda yiliga 500 nafar ishchini til va malaka kurslarida tayyorlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish bilan ta’minlash reja qilingan. Migratsiya agentlikning qayd etishicha, oylik maosh 2400 — 2600 yevroni (32−34 mln so‘m atrofida) tashkil qiladi.
“Hozirgi kunda bir guruh tinglovchi onlayn darslarda ishtirok etmoqda, yaqin kunlarda yangi guruhlar ochiladi va keng miqyosli o‘qishlar boshlanadi”, — deyiladi xabarda.
Murojaat uchun agentlik telefon raqami: 1282, 71 202−33−55 (10/17).